Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi qonun: chilim va elektron sigareta chekish mumkin bo‘lmagan joylar ma’lum

Yangi qonun: chilim va elektron sigareta chekish mumkin bo‘lmagan joylar ma’lum

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 2-iyul kuni «Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Hujjat matni «Xalq so‘zi online» nashrida berilgan.

Unga ko‘ra, chilim va elektron sigaretalarni:

— statsionar savdo ob’yektlarida, shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida, bundan chilim va elektron sigaretalar chekish uchun maxsus ajratilgan xonalar mustasno;

— kinoteatrlarda, teatrlarda, sirklarda, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallarida hamda ommaviy dam olish uchun mo‘ljallangan boshqa yopiq inshootlarda;

— klublarda, diskotekalarda, kompyuter zallarida, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalarda yoxud boshqa ko‘ngilochar (bo‘sh vaqt o‘tkaziladigan) joylarda;

— muzeylarda, axborot-kutubxona muassasalarida va ma’ruzaxonalarda;

— mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlarda, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan, tamburlarida), daryo kemalarida, shaharda, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslarda, taksilarda, yo‘nalishli taksilarda hamda shahar elektr transportida, shuningdek, havo kemalarida;

— yerosti o‘tish joylarida, transport bekatlarida va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylarida;

— aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolarida;

— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolarida;

— sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlarida, ta’lim muassasalarida, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida;

— ish joylari bo‘lgan xonalarda;

— ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklarida, shuningdek, uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalarida;

— xiyobonlarda, bog‘larda, ko‘chalarda va boshqa jamoat joylarida chekishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jamoat joylarida joylashgan xonalarni chilim va elektron sigaretalarni chekish uchun berish, xuddi shuningdek, jamoat joylarida chilimni va elektron sigaretalarni foydalanishga berish taqiqlanadi, bundan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan maxsus ajratilgan xonalarning jihozlariga, chilim va elektron sigaretalarni foydalanishga berish tartibiga, chilimlarni sanitariya jihatdan tozalashga va chekiladigan qorishmalarni (tutatqi qiyomni, tutatqi toshni) saqlashga doir talablar, shuningdek, tamakiga va chekiladigan qorishmalarga (tutatqi qiyomga, tutatqi toshga) doir gigiyenik talablar qonun hujjatlarida belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach, kuchga kiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring