Chekka bir qishloqning faol ahli: «Referendumga albatta, boramiz»
O‘zining, oilasining, farzandlarining kelajagini o‘ylagan inson vatan tuyg‘usi va oila qayg‘usi degan tushunchalarni teran his etadi. Bu ayni paytda majburiyat burchi va mas’uliyat hissi bor bo‘lgan insonda voqelikka, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, davr talab etgan masalalarga faol munosabatda bo‘lish zaruratini ham taqozo etadi.
«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi va bo‘lim boshlig‘i, iqtidorli shoira Farog‘at Xudoyqulova, taniqli san’atkorlardan Sherbek Shodiyev va Maftuna To‘rayevalar bilan birgalikda Mirzacho‘l tumanining chekka qishloqlariga borib, u yerdagi mahalliy aholi bilan uchrashib dildan suhbatlashdik. O‘zbekiston qahramoni Parda Ziyodov hamda «Mo‘’tabar ayol», «Mehnat shuhrati» ordenlari sohibasi Dilbar Saidovalar hamrohlik qilishdi.
Ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida referendumning mazmun-mohiyatini tushuntirish bilan birga ijtimoiy kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, sovg‘a-salomlar topshirishni ham kanda qilmadik. Bu bir tomondan xalqimizga xos bag‘rikenglik va mehridaryolikning ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan ro‘zai Ramazonning shukuhi va shukrining nishonasidir.
O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyodov davlatimiz rahbarining o‘z xalqini sevishi, har bir insonni avaylab asrashi, ularga yordam ko‘rsatishlari borasidagi xalqchil siyosati va odilona mehribonliklari haqida so‘zladilar. So‘ngra «Mirza dala» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ijtimoiy yordamga muhtoj oilalardan biriga bordik. Bizni xonadon sohibasi Xosiyatxon opa, uch qizi hamda MFY raisi Islom aka Xolmirzayev qarshiladi. Xosiyatxon opa targ‘ibotchilarning tilak va istaklarini hamda sovg‘alarini qabul qilib olarkan, ko‘ngli to‘lib ketganidan ko‘zlarida qalqigan yoshni, yuzlarida balqigan nurni his etdik.
«Mirza dala» shaharcha fuqarolar yig‘inida 1034 ta xonadon, 1167 ta oila, jami 4957 ta aholi bor. Bizda 36 ta kam ta’minlangan, ehtiyojmand oila bo‘lib, ularning holidan har birlaridan tizimli ravishda xabar olib moddiy yordam ko‘rsatib turamiz. 150 ga yaqini «Ayollar daftari»ga, 109 nafari «Yoshlar daftari»ga kiritilgan. Tibbiy yoki moddiy ko‘mak zarurati bo‘lsa beminnat yordam qilinmoqda. 240 nafar fuqaromizga Prezident farmoniga asosan 50 sotixdan yer ajratildi, ular hozirda poliz va sabzavot mahsulotlarini ekish bilan band bo‘lishmoqda, 30-aprel kuni hammamiz yakdil bo‘lib Referendumga albatta, boramiz» – deydi mamnun holda mahalla raisi Islom aka Xolmirzayev.
So‘ngra «Yangi dala» mahallasidagi 8-umumta’lim maktabiga bordik. Bu Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lgan hudud. Oldin bu yerlar keng yaydoq joy bo‘lgan, hozirda madaniyat markazi, zamonaviy rusumdagi maktab, yaratilgan sharoitlarni va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘rib ruhlandik. Inson qo‘li gul ekaniga, hafsala, ixlos bilan ishga kirishsa cho‘listonni gulistonga aylantira olishiga yana bir karra iqror bo‘ldik. Qishloqdagilar maktabni sharoitlarini ko‘rib maishiy savdo shoxobchalarini ko‘rib havas qildik.
«Sharoitlari nuqtai nazaridan shahardan qolishmaydi, — deya so‘zga kirishdi Dilbar opa Saidova — Bu yerdagi qishloq ayollarining mehnatkashligini ko‘rib tahsin aytasiz. Bular chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanishadi. Prezidentimizning tashabbuslari, qarorlari bilan 50 sotixdan tomorqa berilgani ayniqsa ularni xushnud etgani aniq. Bundan ruhlangan ayollar ham erkaklardan qolishmasdan bab-baravar mehnat qilib farovon yashashmoqda. Hamma narsa o‘zining dalasidan chiqadi. Shaharlik aholi kabi 1 litr sutni qidirib yurmaydi, 1 kg kartoshka uchun do‘konga, non uchun novvoyga bormaydi. Hammasiga zahmatkashligi bilan erishgan. Muhimi, aholining sog‘lomligini aytmaysizmi. Qandli diabet bo‘lsin yoki bel og‘rig‘i, oyoq og‘rig‘idan noliganlarni eshitmaganman, ko‘rmaganman. Bularning barchasi jismoniy va aqliy mehnat bilan muntazam shug‘ullanishadi».
So‘ngra 436 o‘rinli 8-sonli umumta’lim maktabiga kirdik. Maktab ichidagi 6000 dan ziyod kitob bor bo‘lgan kutubxona bizni juda hayron qoldirdi. Deyarlik barcha turdagi — ilmiy, badiiy, publitsistik kitoblar o‘quv adabiyotlari mavjud. Ayniqsa, Jizzax tarixiga oid kitoblar ham taxlanib turibdi. O‘quvchilarning kitobga o‘chligi, Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi doirasidagi talablarga mos harakatlar bizni xushnud etdi.
«Mening o‘zim ham qalam tebratib turaman, she’rlar yozaman, — deya yana so‘zga kirishdi Dilbar opa. — Ko‘p joydan topa olmagan kitobni shu yerdan topaman. Hazrat Navoiy, mirzo Bobur va sohibqiron Amir Temurning tavallud ayyomlari munosabati bilan tashkil etilgan adabiy ma’rifiy kechada qatnashdim. O‘quvchilarning san’at va madaniyatga qiziqishidan shodlandim, ochig‘i. O‘quvchilarning qiziqishi va istaklariga binoan turli xil to‘garaklar o‘z faoliyatini olib bormoqda. Maktabda tikuvchilik sexi bo‘lib unda 20 ta ayol tikuvchilik bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda o‘quvchilarga bichish, tikish kabi kasb-hunarlarni ham o‘rgatadi. Ular chevar va kashtachilikni hozirdanoq ustasi bo‘lib ketishgan desam xato bo‘lmaydi. O‘z bolalarini yoniga olib kelib mehnatga o‘rgatishadi. Bu esa ularning mehnatsevar bo‘lib yetishishlariga imkon tug‘diradi. Sexning shundoq yonginasida sport zali bo‘lib, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtirishadi. G‘olib jamoa va faol ishtirokchilar rag‘batlantiriladi. Bizning yoshlik chog‘larimizda bunday sharoitlar tushga ham kirmagan».
Yangi O‘zbekistonning poydevori qurildi, bunyodkorlik ishlari, qabul qilinayotgan islohotlar, olib borilayotgan siyosatlar buning yorqin dalilidir. Yo‘llar yaxshilanayotgani, ichki ko‘chalarga ham asfalt yotqizilgani e’tiborga molik. Hamma imkoniyatlarni ko‘rib mehnat faoliyatimga 52 yil to‘lgan bo‘lsam haliyam ishlagim keladi. Yoshlarni davrasiga tushsam xuddi yoshlardek bo‘lib ketaman, — deydi Dilbar opa.
«Lekin, achchiq bo‘lsa ham aytishim kerak, yoshlar orasida ba’zi bir to‘qlikka sho‘xlik qiladiganlari ham topilib turadi. Har to‘kisda bir ayb bor deganlaridek, ayrimlari tanbal, va yalqov. Farzandlarga ibrat, namuna bo‘lishi uchun insonning o‘zi mehnatsevar va yaxshi xulq-atvor egasi bo‘lishi zarur. Farzandlariga aqlli bo‘l, kitob o‘qi deb pand-nasihat qilib o‘zi turli seriallarni ko‘rib o‘tirsa bolalaridan nima kutish mumkin. Chunki sinalgan bir haqiqat borki, farzand insonning so‘zidan ko‘ra o‘zidan ibrat olib unga ergashadi. Har kuni shirakayf bo‘lib spirtli ichimliklar ichib, oilasiga qo‘pol muomalada bo‘lgan otani ko‘rgan farzand qanday o‘sishi mumkin, — deydi Dilbar opa jig‘ibiyroni chiqib. — Farzand tarbiyasida bo‘shliqqa joy qoldirishga haqqimiz yo‘q. Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi degan hikmat bejiz emas».
Ayrimlari bilan 3 kun psixologik suhbatlar o‘tkazishga ham mahoratli bo‘lgan Dilbar opaga havasimiz keldi. Guldek ayoli bo‘lgan bir yigitning oilasida noxushlik bo‘lgani bois uni chaqirib suhbatlashibdi. Hech kimdan kam joying yo‘q, mast-alast yurib uy va qo‘shnilaringni ham tinchini buzib yurishing yaxshimi? Senga jovdirab qarab turadigan uchta farzandingni taqdirini, kelajagini o‘ylamaysanmi? Ota-onangni hayotligida ularni rozi qilib Hajga, Umraga yuborib duolarini olsang bo‘lmaydimi, debdi. G‘ing etmasdan boshini quyi solib o‘tirgan yigit hech narsa demasdan chiqib ketibdi. Bir oydan keyin yaqinda iftorlik bahonasida xabar olgani borsa, uning butunlay o‘zgarib, ichimlikka qayrilib ham qaramaydigan, uyim — joyim deydigan yigitga aylanganini ko‘rib nihoyatda shodlanibdi. 41 yoshlik yigitga pand-nasihati kor qilganidan Dilbar opa shod.
Sharof Rashidov tumanidagi «Nuroniy jamg‘armasi jamoatchilik guruhining rahbari sifatida ish olib borayotgan Dilbar opa «Buvijonlar» guruhini tuzgani, hozirda tuman bo‘yicha uning 445 ta a’zosi borligi, o‘zlarining hayotiy tajribasi va o‘gitlari bilan yosh oilalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotganlaridan mamnun. U ana shu jamg‘arma qoshida “Mehr karvoni” guruhini tuzganini, hech bir tashkilotdan ijtimoiy, moddiy ko‘mak olmasdan tadbirkor ayollarni jalb qilgan holda muayyan jamg‘arma yig‘ib 10 tacha kam ta’minlangan oilalarga muruvvat yordami ko‘rsatganini ichki bir faxr bilan so‘zladi. Ayni damlarda ular 30 aprel kuni Referendumni ahillik bilan birdamlikda xuddi bayramdek o‘tishiga ishonch bildirdi. Referendumga befarq bo‘lmaslikka chorlash, barchani jalb etish, tushuntirish va targ‘ibot ishlarida «Buvijonlar» guruhini har doim tayyor ekanliklarini e’tirof etdi.
Keyingi kun targ‘ibot ishlari yana avjiga mindi. Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida adabiy-ijodiy uchrashuvda ham Asosiy qomusimizga mehr ruhi ustuvorlik qildi. Unda shoir Bobur Bobomurod va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Shuhrat» medali sohibasi shoira Farog‘at Xudayqulovalar va Jizzax musiqali drama teatri aktyorlari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar: Abduraim Lapasov, Jo‘ra Isroilov hamda Raisa Abdullayevalar «Ma’naviyat karvoni» loyihasi doirasida ishtirok etishdi.
So‘ngra tushdan keyin O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialida bo‘ldik. Professor o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi ko‘rik-tanlovlar ham Referendum ruhi bilan uyg‘un holatda kechdi.
Vatan taqdiriga, o‘z oilasi, farzandlari kelajagiga loqayd bo‘lmagan inson mamlakatning istiqboliga daxldor bo‘lgan Referendumga, Yangi va yaxshi Konstitutsiyamizga ham befarq bo‘lmasligi ayon. Jizzax viloyatining barcha tuman va mahallalarida bo‘lib ular qalbidagi yurt qismatiga daxldorlik tuyg‘usini yana bir bor his etdik.
Rahimboy Jumaniyozov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, «TIQXMMI» Milliy tadqiqot universiteti professori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter