Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Chegarada yashirin yer osti yo‘llari qazigan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Chegarada yashirin yer osti yo‘llari qazigan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon va Namangan viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan joriy yilning 22-yanvar kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda katta miqdordagi chet el valyutalarini noqonuniy ravishda xorijga chiqarish bilan shug‘ullanuvchi transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilib, ularning navbatdagi 1 mln. 641 ming 106 AQSh dollarini Qirg‘iziston Respublikasiga noqonuniy chiqarish rejasi fosh etilgan.

Tezkor tadbir davomida Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahridagi Z.M.Bobur MFYda yashovchi, 1990-y.t. guruh a’zosining yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, uning hovlisida eni 1 kv m, chuqurligi 12-12,5 metr va uzunligi 150 metr bo‘lgan, Qirg‘iziston Respublikasiga noqonuniy o‘tish uchun maxsus qazilgan yer osti yo‘li borligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, mazkur tumanning Birlik MFYda joylashgan, guruh a’zolaridan yana biriga tegishli xonadon hovlisida esa eni 1 kv m, chuqurligi 10-12 metr, uzunligi 400-420 metr atrofidagi ikkinchi yer osti yo‘li borligi aniqlangan. Ushbu yer osti yo‘liga qo‘lbola po‘lat izlarda harakatlanuvchi kichik hajmli, elektrodvigatelli aravacha o‘rnatilgan.

2 nafar O‘zbekiston Respublikasi va 6 nafar Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolaridan iborat uyushgan jinoiy guruhga 1974-yilda Qirg‘iziston Respublikasida tug‘ilgan shaxs yetakchilik qilgan.

Guruh a’zolari huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmaslik maqsadida, o‘zaro muloqotda shartli so‘zlashuv usulini qo‘llashgan va Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara-bojxona postidan deklaratsiya to‘ldirgan holda katta miqdordagi valyuta qimmatliklarini mamlakatimiz hududiga olib kirib, so‘ngra pullarni yer osti yo‘li orqali Qirg‘izistonga qaytarib, olib chiqib ketishgan. To‘ldirilgan deklaratsiyadan esa Toshkent va Qo‘qon shaharlaridan xorijiy valyutalarni tashishda yo‘llarda kuzatiladigan ehtimoliy tekshiruvlarda foydalanishgan.

Holat yuzasidan guruh a’zolariga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tergov harakatlari davomida ularning noqonuniy faoliyatlari ashyoviy dalillar asosida o‘z isbotini topdi.

Joriy yilning 25-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Norin tuman sudining hukmiga ko‘ra, qonunbuzarlarga nisbatan 6 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 5-fevral kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Qo‘rg‘ontepa tumanining Qorasuv shahridagi Z.M.Bobur MFYda yashovchi boshqa bir fuqaroning uyida ham qo‘shni davlat hududiga olib o‘tuvchi yashirin yer osti yo‘li borligi aniqlandi.

U ham qirg‘izistonlik shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini ajratib turuvchi «Shahrixonsoy» kanali ostidan o‘tuvchi, chuqurligi taxminan 16 metr, uzunligi 70 metr bo‘lgan yer osti yo‘li qazib, uni maxsus elektr yoritgich tizimi va kislorod bilan ta’minlovchi uskunalar bilan jihozlagan.

Hozirda mazkur fuqaroga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu uchta yer osti yo‘llari orqali katta miqdordagi chet el valyutalari O‘zbekistondan qo‘shni davlatga olib chiqilib, turli xil tovar-moddiy boyliklar mamlakatimizga olib kirilgan.

Ta’kidlash lozimki, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari doirasida joriy yilning aprel oyida Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot idoralari nomiga, aniqlangan uchta yer osti yo‘llarining Qirg‘iziston tomonida joylashgan manzillari va ularning tashkilotchilari to‘g‘risida tegishli ma’lumotlar yuborilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan.

Keyinchalik, joriy yilning may-iyun oylarida qo‘shni davlat vakillari tomonidan o‘z hududlarida o‘tkazilgan tekshiruv harakatlari natijasida, ushbu yashirin yer osti yo‘llari faoliyatiga chek qo‘yildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring