Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karimberdi To‘ramurod

Qo‘rqsang – yozma! Yozdingmi – qo‘rqma!

Bugun ulug‘ kun bo‘ldi!

Bugun ulug‘ kun bo‘ldi!

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Foto: «Vakillik.uz»

Bugun ulug‘ kun bo‘ldi!

Bugun tarixiy kun bo‘ldi!

Bugun Shayx Hazratimizning qadri baland ko‘tarilib, obro‘lari o‘zlariga munosib darajaga qo‘yilgan kun bo‘ldi!

Umrlaridan baraka topsinlar, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning qalblariga Alloh O‘zidan bo‘ladigan ilhomni solib, Chilonzor tumanidagi Hazratimiz qurilishini boshlagan, shuncha yildan beri xaroba bo‘lib yotgan, qurilishi to‘xtab qolgan masjidga tashrif buyurdilar va Shayx hazratimiz haqida shunday gaplarni aytdilarki, «E, Xudoga shukur, oltin zanglamaydi, deganlari shu ekan», — deb yubordim.

«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1989-yilda, juda qiyin va murakkab davrda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘ldi. Bu davr islomiy ilmlar, diniy qadriyat va an’analar qayta tiklangan davr sifatida tariximizda alohida o‘rin tutadi, — dedilar prezidentimiz. – U kishining dunyo musulmonlari o‘rtasidagi obro‘-e’tibori juda baland edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf o‘zining ilmi, so‘zi va ibratli amallari bilan ona Vatanga, dinimiz ravnaqiga chin dildan halol xizmat qilish bo‘yicha katta bir maktab yaratib ketdilar, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. U kishining ilm va hayot yo‘li, boy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish — barchamizning burchimizdir».

«Men u kishi bilan ko‘p suhbatlashganman», — dedilar prezidentimiz va Hazratimizning ko‘p kitob o‘qimagan odamning ma’naviyati past bo‘lishini ta’kidlaganlarini esladilar.

«Shu masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi beramiz, bu yerda u kishining muzeylarini qilamiz, u kishiga tegishla hamma narsa shu yerda turadi», — deganlarda, ochig‘i, ko‘z yoshlarimni tiya olmadim.

Xudoga shukur, ancha kech Hazratimiz qadr topdilar, tirigida qadrlansalar qanchalar yaxshi bo‘lardi, ammo bundan ham ko‘p kutishimiz mumkin edi, buning uchun Prezidentimizga rahmat!

Hozirgacha qilgan ishlarining ichida balki eng oliyjanob ishlari mana shu bo‘lgandir!

Duo qilamiz, Allohim, prezidentimizni O‘z hifzingda saqlagin! Boshlagan barcha ezgu, xayrli ishlarining oqibatini xayrli qilgin! Shunday savobli ishlarda bardavom bo‘lishlarini nasib qilgin! Prezidentimizga dunyoda ham oxiratda ham saodat ber!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring