Bu yil uch marta pilla yetishtiriladi
«O‘zbekipaksanoat» uyushmasining ma’lum qilishicha, shu kunlarda pilla parvarishi bo‘yicha birinchi mavsum boshlangan. Ikkinchi mavsum iyul-avgust, uchinchi mavsum esa oktyabr-noyabr oylariga mo‘ljallanmoqda. Bu haqda «O‘zA» xabar bermoqda.
— O‘tgan yili sinov tariqasida ikki marta ipak qurti urug‘i parvarishlab, mo‘l hosil yetishtirdik, — deydi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Olim Jumayev. — Joriy yilda uch marta, kelgusi yillarda esa to‘rt martadan ortiq «kumush tola» yetishtiramiz. O‘tgan yili pilladan bir yilda ikki marta hosil olamiz deganimizda shubha bilan qaraganlar ham bo‘ldi, biroq, biz buni uddaladik. Bu yilgi mavsumlar ham ko‘ngildagidek o‘tadi. Ozuqa bazasini shakllantirish uchun joriy yilda horijdan keltirilgan va mahalliy navlarda 19 million 100 ming tup tut kӯchati ekildi. Xitoydan yana 20 million dona ko‘chat keltiriladi.
Bu yilgi mavsum yangiligi tizimda klastr joriy etilgani. Avvallari ipak qurtini qayta ishlash korxonasi shartnoma asosida tuman pilla korxonasiga, u fermerga, fermer shartnoma bilan xonadonga berishi jarayonida turlicha narx va sarsongarchilik kelib chiqardi. Yangi tizimda bunday holatlarga chek qo‘yiladi. «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi barchasiga bosh-qosh bo‘ladi va xonadonlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzdi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra tashkil etilgan uyushma bugun bir yoshda. Qisqa fursatda erishilgan natijalarni kuzatib, pillachilik tizimi yuksalganiga guvoh bo‘lasiz.
Axir, tut bargidan ekologik toza va shifobaxsh choy ishlab chiqarishni boshlagan ham, innovatsion pillaxona ko‘rib, tutzorlarni kengaytirayotgan ham mazkur uyushma vakillari. Tutzorlarda parrandachilik, quyonchilik, asalarichilikni rivojlantirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga bel bog‘lagan ham shu uyushmaning mutaxassislari. Kosmetika va tibbiyot sanoati uchun ipak qurti g‘umbagidan yog‘ ishlab chiqarishni boshlash,sayyohlar uchun hududlarda kasanachilik mahallasini tashkil etish uchun Yevropadagi davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘yilgan qadamlar ham yaqinda o‘z samarasini beradi.
Yana bir gap. O‘tgan yildan buyon uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar daromad solig‘idan ozod qilingan. Pillachilik tarmog‘i ishchilari va pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarning qonun hujjatlarida tasdiqlangan to‘liq bir mavsum ishlagan davrlari pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tadigan mavsumiy ishlar va sanoatning mavsumiy tarmoqlari ro‘yxatiga kiritilgani soha xodimlarini quvontirdi. Bunday imtiyozlar bir vaqtlar majburan tarqatilgan pilla qurtini endilikda boqishni istovchilar sonini ikki barobarga oshirdi.
Uyushma O‘zbekiston xalqaro ipakchilik komissiyasiga a’zo bo‘ldi.Tizimda ipak qurti urug‘i yetishtirish borasida ham yangi loyihalar amaliyotga joriy etilmoqda.
Xomashyoning ko‘payishi, albatta, uni qayta ishlashni ham talab etadi. Uyushmada ip yigiruv va ipak mato ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qator loyihalar amalga oshirildi. Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Buxoro viloyatlaridagi qayta ishlash korxonalari ish boshlash arafasida.
Eng muhimi, uyushmaga Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning shu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlari ishonchli hamkor sifatida qaramoqda. Bu esa joriy yilda mo‘ljallanayotgan 42 million dollardan ziyod mahsulotni eksportini ta’minlashga xizmat qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter