Bu gal mahalla aralashmasin!
Moddiy jihatdan og‘ir ahvolga tushib qolayotgan eng muhtoj oilalarga oziq-ovqat, dori-darmon vositalari va birinchi ehtiyoj mahsulotlarini sotib olish hamda homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari orqali yetkazib berish uchun davlat tomonidan 20 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi 120 ming ehtiyojmand oilalar uchun.
Quvonarli xabar. Ammo talon-toroj bo‘lishi ehtimoli juda katta. Ayniqsa, mahalla aralashsa. Buni biz birinchi karantin davridagi gumanitar yordam tarqatilishida, Sardobadagi egalariga yetib bormagan ijtimoiy yordamning talon-toroj qilinishida kuzatdik, guvohi bo‘ldik, hatto ayrim mahalla raislari, hokimiyat vakillari javobgarlikka tortildi. Endi bu tashkilotga ishonib bo‘lmaydi. Unda nima qilish kerak?
Mahalla tizimi yo‘q bo‘lgan, ammo har bir oila yordamdan benasib qolmayotgan xorij tajribasini qo‘llashga o‘tish kerak. Masalan, kattalar uchun amerikaliklarning ko‘pi bir martalik to‘lovni 1200 AQSh dollari miqdorida olishdi. 16 yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun qo‘shimcha 500 dollar to‘lashdi. To‘liq pulni olish uchun bitta amerikalikning daromadi yiliga 75 ming AQSh dollaridan oshmasligi lozim, ikki kishidan iborat farzandsiz oila uchun — 150 ming AQSh dollari, bitta oilaning, bolalar sonidan qat’i nazar, olishi mumkin bo‘lgan eng katta miqdori — 7,5 ming dollarni tashkil etadi.
Yiliga 99 ming dollar ishlaydigan kishi yoki daromadi 198 ming dollar bo‘lgan farzandsiz juftlik davlatdan pul olmaydi. Moliya vaziri Stiv Mnuchinning aytishicha, birinchi cheklar uch hafta ichida olingan, oxirgi muddati 1,5-2 oy. Bu pullarning taqsimlanishiga milliy soliq to‘lovchilar ittifoqi, Vashingtonda joylashgan jamoat birlashmasi bosh-qosh bo‘lgan. Xuddi shunday jamoat birlashmasi bizda bormi?
Iqtisodchilarimiz, mana shu mablag‘ni tarqatish ishiga mas’ul shaxslar xorij tajribasini o‘rganishi zarur edi. Faqat zinhor-bazinhor mahallaga ishonish kerakmas. Mahalla bitta kam ta’minlangan oilani ko‘z ko‘rarga pul, dori-darmon, oziq-ovqat bilan ta’minlaydi, suratga oladi—o‘zini qilayotgan ishini ko‘z-ko‘zlaydi go‘yoki, qolgani tanish-bilishchilik va o‘zlashtirish bilan yakun topadi. Chunki bu tizim «Mahallada duv-duv gap» ko‘rsatuvida hajv qilinganidek o‘zlarining tanish bilishchiligi oqibatida erkaklarni qog‘ozda ayolga aylantirib, bola puli berishni «kashf» qilgan tizim.
Hazil hazil bilanu, lekin hazilning ortida katta haqiqat bor. Iltimos, mahallaga ishonib kam ta’minlangan oilalarga ajratilgan pulni—dori darmonni, oziq-ovqat mahsulotlarini talon-toroj bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaylik loaqal bu safar...
Hatto, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov jurnalistlarga bergan intervyusida ishora qilib ham qo‘ydi: «Sholi kurmaksiz bo‘lmaydi, lekin agar kam ta’minlangan fuqaroning rizqiga ko‘z olaytiradigan odam mahalla tizimida ishlaydigan bo‘lsa, biz uni albatta ishlatmaymiz va qonuniy choralarni ko‘ramiz». Ayni qiyin ahvolda qolgan muhtoj oilalarni chirqiratib, ularning nasibasini yeb tugatganidan keyin xodimni ishdan haydashdan kimga naf?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter