Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Brakonerlar noyob baliq turlariga qiron keltirmoqda

Brakonerlar  noyob baliq turlariga qiron keltirmoqda

Xorazm viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan kamyob baliq turlariga qiron keltirayotgan brakonerlar jinoyatini aniqladi.

Hazorasplik 50 yoshli  T. Ahmad  Toshsoqa kanalida qonunga zid ravishda yo‘qolib borayotgan bakrabaliq va  «orol mo‘ylovdori» baliqlarini ovlayotganida nazoratchilar tomonidan ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur shaxs O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ushbu baliq turlarini qo‘lbola usulda yasalgan elektroqarmoqda ovlagan.

T.Ahmadga jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman  sudi tomonidan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Shuningdek, maxsus reyd davomida Amudaryoning Yangibozor tumanidan oqib o‘tuvchi hududida Ye. Farhod,  Yu. G‘anisher va N. Maqsudlar ham noqonuniy ov bilan shug‘ullanayotganida qo‘lga tushdi. Ular «Amudaryo kurakburni» va  «Orol mo‘ylovdori» baliqlarini ovlashayotgani aniqlangan.

Jinoyat ishlari  bo‘yicha sudi bo‘yicha Gurlan tuman sudi mazkur shaxslar xatti-harakatlarini qonuniy baholab, ularga nisbatan turli muddatlarda ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Achinarlisi shundaki, Xorazmda brakonerlar elektroqarmoqda baliq ovlash orqali suv osti dunyosiga jiddiy xavf tug‘irmoqda. Baliq ovining bunday turi oqibatda katta-kichik jonivorlar nobud bo‘ladi. Hatto, baliq uvildiriqlari ham  nobud bo‘ladi. Uvildiriqlarning nobud bo‘lishi baliqlar olamining yil sayin kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

- Elektroqarmoq suvga tashlanib, tokka ulanganida suvda yashovchi barcha jonivorlar qirilib ketadi. Baliq, ilon, baqalardan tashqari suvqunduzi, qashqaldoq, o‘rdak kabi yovvoyi hayvonlar ham shu zahoti o‘lib qoladi va qamishzorlardagi uyasida qo‘ygan tuxumlari esa tezda palag‘daga aylanadi. Natijada noyob qushlar turlariga ham qiron yetadi, - deydi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i  Qodir Boltayev.

Jamoatchilik fikriga ko‘ra, tegishli idora va tashkilotlar elektroqarmoq bilan ov qiluvchilar ustidan jiddiy nazorat o‘rnatishlari zarur. Chunki bunday qarmoq tokka ulanganida 100 metr olisda cho‘milayotgan inson hayotiga nuqta qo‘yishi ham mumkin.

E. Baxt

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring