Boyovut. Hokimning oyog‘i yetmagan joylar...(video)
Siz tasvirlarda ko‘rib turgan joyning nomi Yangiobod. Boyovut tumaniga qarashli mahalla fuqarolar yig‘ini. Ilgarigi nomi «G‘alaba» («Pobeda») edi, zamonlar o‘zgarib, «Yangiobod» bo‘ldi. Biroq joy nomini o‘zgartirish bilan ijobiy natijaga erishib bo‘lmas ekan-da. Nega desangiz, bu hudud «Pobeda»ligida biror jabhada oldinga chiqolmagan bo‘lsa, «Yangiobod»ga aylaganidan keyin ham obodlikdan nishon yo‘q-da.
Buni yo‘llarning ahvoli yaqqol ko‘rsatmayaptimi?!
Tuman markaziga eltuvchi katta yo‘ldan to «Yangiobod» MFYgacha yetti-sakkiz kilometr masofa bor. Yo‘llarning abgorligidan hatto jamoat transporti olib tashlangan. Ularni tushunish mukin: bunaqa yo‘llarda yurish tashuvchilarga qimmatga tushishi tayin: hafta bir avtotrasportning yurish qismiyu g‘ildiraklarini ta’mirlataverish kim yoqardi? Yana deng, avtoehtiyot qismlarning narxi osmonga sapchib turgan bugungi pallada.
MFYda 546 xonadon bo‘lib, uch yarim mingdan ziyod aholi yashaydi. Shularning 1680 nafari xotin-qizlar bo‘lsa, 1037 nafari voyaga yetmagan bolalar... Xullas, aholining tuman markaziga yetvolishining o‘zi muammo. Ya’niki, jamoat transporti yo‘q, yo‘lovchi mashinalar har kimniyam olib ketavermaydi. Kirakashlar esa yo‘lkirani yonilg‘i narxidan tashqari yo‘lning ahvolidan ham kelib chiqib belgilaydiki, buni har kimning cho‘ntagi ko‘tarmasligi ehtimoli yuqori.
Mahalliy aholining aytishicha, bu yo‘llar o‘ttiz yilki qo‘li gul yo‘lsozlarning yo‘llariga ko‘z tikib turibdi (so‘z o‘yini ixtiyorimizdan tashqari yuz berdi, uzr). Ikki yil avval «Yangiobod»ning yo‘llari dasturga kiritildi, degan xabardan chandon quvongan edilar. Mana, 2019-yil ham kirib keldi, ahvolni ko‘rib turibsiz...
Bu hudud tumandagi to‘rtta sektor rahbarining qay biri chekiga tushganini bilmadik. Savol tug‘iladiki, «Yangiobod»ga mutasaddilarning oyog‘i yetganmi o‘zi? Birinchi navbatda hokimning. Hokim? Qay biri: viloyatmi yoki tuman?
Nima farqi bor?!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter