Bosh prokuror AQSh elchisi bilan uchrashdi
Kecha, 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov Amerika Qo‘shma Shtatlari favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan uchrashdi. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy saytida xabar berilgan.
Xabarda aytilishicha, elchi P.Spratlenga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimini isloh qilish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan choralar haqida ma’lumot berilgan.
Ushbu ikki tomonlama uchrashuv 2018-yil 15-17-mayda rejalashtirilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning AQShga rasmiy tashrifi arafasida tashkillashtirildi.
Uchrashuvda taraflar ikki tomonlama hamkorlik, tajriba almashinuvi, vijdon va so‘z erkinligini ta’minlash hamda olib borilayotgan islohotlarda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter