Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMTTD bilan yangi loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha kelishuv imzolandi

BMTTD bilan yangi loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha kelishuv imzolandi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili etib tayinlangan Akiko Fujii o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun: joriy yilning iyul oyida BMTTDda 25 yildan ortiq tajribaga ega Akiko Fujii BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi yangi Doimiy vakili etib tayinlangan edi. U ilgari Maldiv orollaridagi doimiy vakil va Vetnamdagi doimiy vakil o‘rinbosari, Fidjidagi ko‘p mamlakatli idorasi (Fidji, Mikroneziya Federativ Davlatlari, Kiribati, Marshall orollari, Nauru, Palau, Tonga, Tuvalu va Vanuatu) va Yamaykani qamrab olgan. Akiko Fudzii Sudan, Tokio va Pokistonda ham turli lavozimlarda ishlagan.

Uchrashuv chog‘ida Ekologiya vazirligi va BMTTD o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, umumiy qiymati 10 million dollardan ortiq qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, bioxilma-xillikni asrash, Orolbo‘yining suv-botqoq yerlari, o‘rmonzorlar barpo etish, chiqindilar va xavfli kimyoviy moddalar bilan ishlash va boshqa yo‘nalishlarda umumiy budjeti 20 million AQSh dollari bo‘lgan yangi loyihalarni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Aziz Abduhakimov mamlakatimiz hukumati tomonidan ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Iqlim kengashining tashkil etilishi, «Yashil Makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish, Orol dengizi tubida 2 million gektar maydonda o‘rmon ekish va boshqa tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

«Hozirda biz nafaqat Ekologiya vazirligi, balki butun ekologik kompleksni tubdan o‘zgartirish jarayonida turibmiz. O‘zbekistonda ekologik muammolarni hal etish va atrof-muhitni boshqarish tizimini takomillashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi», — dedi vazir.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar «Yashil Makon» tashabbusini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun bosh rejalashtirish va innovatsion moliyaviy yechimlar» loyihasi doirasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladilar, shuningdek, 2025 yilda ishga tushiriladigan Kichik grantlar dasturining navbatdagi bosqichini boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun: Global ekologik fond tomonidan moliyalashtiriladigan Kichik grantlar dasturi O‘zbekiston bo‘ylab mahalliy hamjamiyatlarni, jumladan, tumanlar, assotsiatsiyalar, fermerlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va akademik institutlarni landshaftga oid yondashuvlarga jalb etish orqali ularning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Uchrashuv yakunida Ekologiya vazirligi, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fondning qo‘shma loyihasi — «Aral wetlands» doirasida 8 ta muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga (METH) professional uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring