Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aziz Abduhakimov eko-faol yoshlar bilan uchrashdi

Aziz Abduhakimov eko-faol yoshlar bilan uchrashdi

Bitta dona olma mevasini yetishtirish uchun qancha suv ketishini bilasizmi? 70 litr! Ertalab tish tozalash uchun suvni oqizib qo‘yadiganlar qancha isrof qiladilar? 200 litr! Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov kuni kecha eko-faol yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda mana shunday raqamlarni sanab o‘tdi. Uchrashuvda yurtimizning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 500 dan ortiq talabalar va boshqa yosh faollar ishtirok etdi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad vazirlik, idora va tashkilotlar tizimida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar imkoniyatidan maqsadli foydalanish va yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, shuningdek, 2024 yilda tashkilot tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishdan iborat bo‘ldi.

Muloqot avvalida Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov sohani rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Tadbirlar
Mamlakatimizda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda yoshlarning ishtirokini oshirish, ular o‘rtasida ekotarg‘ibotni ko‘paytirish hamda yoshlarni bir g‘oya ostida birlashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2023 yil yakuniga qadar respublikamiz bo‘yicha yosh ekofaollar ishtirokidagi tadbirlarda jami 2 million 445 ming 300 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Yashil makon
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan «Yashil makon» umummilliy loyihasi yo‘lga qo‘yilgan va butun respublikamiz hududida daraxt ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Quvonarlisi, yoshlarimiz bu jarayonda ham faol qatnashishmoqda va aynan yosh eko-faollarimiz tomonidan ko‘plab daraxtlar ekildi. Loyihaning bahorgi va kuzgi mavsumlari doirasida mamlakatni ko‘kalamzorlashtirish uchun mevali va manzarali daraxtlar ekish aksiyalarida ham yoshlar ancha faol bo‘lishdi. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda mamlakatimizning barcha hududlaridan jami 8000 ga yaqin ekofaol yoshlar ishtirok etdi.

Chiqindilarsiz kun
«Xalqaro chiqindilarsiz kun» doirasidagi «plogging» tadbirlarida 800 nafardan ortiq yoshlar, aholini tabiat qo‘ynida dam olishga chorlash hamda ular o‘rtasida piknik madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan «Piknik madaniyati» tadbirlari, «Ekologik bilimlar kuni» munosabati bilan tashkil qilingan plogging ekoaksiyasida ham ko‘plab yoshlar qatnashdi. Plogginglar davomida atrof-muhit 2 tonnaga yaqin chiqindilardan tozalandi.

Yosh ekologlar
Yoshlarning ekofaolligini oshirish, dolzarb ekologik muammolarni hal qilishda ularning o‘rnini, ovozini mustahkamlash maqsadida Xalqaro biologik xilma-xillik kuni, «Yoshlar kuni» munosabati bilan tadbirlar, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi «Lochin» oromgohida «Yosh ekologlar» harakati qurultoylari, «Piknik madaniyati» kabi tadbirlar o‘tkazildi.

Ekologiya sohasidagi ta’limni rivojlantirish va mamlakatda ekologiya hamjamiyatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ilk bor «EduCO Fest» yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Mazkur festival ham yoshlarimizning ekologik ongi va mas’uliyati yanada oshib borayotganini ko‘rsatib berdi.

Green University
Shu o‘rinda Toshkentdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti, ya’ni Green University’da ham bir qancha yoshlarimiz ekologik bilimlarini yanada mustahkamlashmoqda. Kelajakda bu yoshlar nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo qit’asiga daxldor atrof-muhit muammolarini hal qilishga munosib hissa qo‘shishadi.

Uchrashuv davomida sohani yanada rivojlantirishga oid yoshlarning takliflari va tashabbuslari tinglandi. Ta’kidlash joizki, dolzarb ekologik muammolarni hal qilish borasida qator muhim taklif va mulohazalarni ilgari surishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring