Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Asrlar qa’ridan omon chiqqan inshoot: «Malik Ashtar» masjidi

Asrlar qa’ridan omon chiqqan inshoot: «Malik Ashtar» masjidi

«Shahrisabz» davlat muzey qo‘riqxonasi tarkibiga kiruvchi «Malik Ashtar» masjidi xalq orasida «Gumbaz» nomi bilan ham tanilgan. Masjidning «Malik Ashtar» deb nomlanishida turli xil taxminlar mavjud. Ayrim manbalarda «Malik Ashtar» nomini VIII-IX asrlarda yashab o‘tgan arab sarkardasi nomi bilan bog‘laydilar.

Boshqa manbalarda esa «G‘ilay Ashtar» haqidagi afsonalar bilan bog‘laydilar. «Malik Ashtar» masjidining qachon qurilganligi haqida tarixiy yozma ma’lumotlar deyarli yo‘q hisob. Bizgacha yetib kelgan tarixiy yozma manbalarda masjid binosi XIX asr oxiri XX asr boshiga kelib to‘la shakllangan. Masjid qadimiy Shahrisabzning shimoliy qismida yoki «Shimoliy» (Samarqand) darvoza yaqinida joylashgan. «Malik Ashtar» masjidi gumbazli xonaqoh shimoliy va janubiy tomondagi usti yopiq ayvonlardan iborat. Masjidda hozirgi kunda bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kishi ibodat qilishiga sharoit mavjud. «Iyd Fitr» va «Iyd Azho» namozlarida 1000 dan ziyod kishi qatnashadi.

Bundan tashqari, «Malik Ashtar» tarixiy majmuasida 23 ta hujra-xonalar, 1 ta tahoratxona bor.

Masjidda 4 ta darvoza bo‘lib, shulardan 2 ta darvoza g‘arbiy tomonda, 1 tasi shimoliy tomonda, 1 tasi sharqiy tomonda joylashgan. U asrlar davomida ko‘hna Kesh shahrining «Zingaron», «O‘rda», «Namozgoh» guzari aholisi uchun xizmat qilib kelmoqda. Masjid XIX asr oxiri XX asr boshida to‘liq shakllangan bo‘lib, mukammal holga keltirilgan. Buning asosiy sababi shundaki, masjid qurilishida to‘liq pishiq g‘ishtdan foydalanilgan.

Masjid ustunlari, darvoza va qo‘sh tabaqali eshiklari, imoratning tag sinch qismi namgarchilikka chidamli bo‘lgan yong‘oq, tut va archa daraxti yog‘ochlaridan tayyorlangan. Masjid hovlisining turli burchaklarida «Balx tuti»ning ekilishiga sabab shundaki, tut daraxti inshootdagi nam va zax qochirish uchun foydalanilgan. Shu tufayli masjid asrlar davomida o‘zining asl holatini hozirgi kunga qadar yo‘qotmagan. «Malik Ashtar» masjidining asosiy inshooti bo‘lmish xonaqoh devorlari qalinligi sal kam 1 metr, gumbazning qalinligi esa 80 sm.ni tashkil etadi. Xonaqohning shimoliy tomonida 4 ustunlik, janubiy tomonida 3 ustunlik ochiq ayvonlari bo‘lib, yilning katta qismida ibodat qilish imkonini beradi. Masjid hovlisida o‘tgan asrning 2-yarmiga qadar chashma bo‘lganligi haqida zamondoshlarimiz ma’lumot beradi.

Sobiq sho‘rolar tuzumi davrida masjid qora kunlarni boshidan kechirdi. O‘sha mash’um kunlarda masjidning hujralari NKVDning qamoqxona va zindoniga aylantirildi. 2-jahon urushi tugashi arafasida, aniqrog‘i, 1944-yil 18-mayda sobiq sho‘rolar hokimiyatining rahnamosi Iosif Stalin Qrim yarim orolidagi qrim-tatarlarini davlat xiyonatida, sotqinlikda ayblab, ularni o‘z vatanidan surgun qildi. Surgun qilingan yoki deportatsiya qilingan qrim-tatarlarining katta qismi O‘rta Osiyoga, jumladan, O‘zbekistonga keltirildi. Surgun qilingan qrim-tatarlari uchun boshpana uy sifatida masjid hujralaridan foydalanishdi. Masjid hovlisida hujralar yonida qo‘shimcha imoratlar qurilib, tarixiy ob’yekt arxitekturasiga jiddiy zarar yetkazildi. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng bu jarayon davom etib, masjid xarob holatga kelib qoldi. Shu yillar davomida tarixiy ob’yekt sho‘rolar hokimiyati tomonidan biror marta ham qayta ta’mirlanmadi. 1985 yilda «Malik Ashtar» masjidi Shahrisabz shahar davlat arxivi idorasiga aylantirildi. 1987 yilda «Malik Ashtar» masjidi qayta rekonstruksiya qilinib, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlar idorasi qarori bilan yana xalqimiz musulmonlari ibodat qilish imkoniyati yaratildi.

Mustaqillik davrida «Malik Ashtar» masjidi bir necha bor qayta rekonstruksiya qilindi. 2016-yilda masjidda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Masjid xonaqohida keng ko‘lamda ishlar olib borildi. O‘zbekiston Respublikasi badiiy akademiyasi ustalari tomonidan masjid ayvoni shifti islomiy naqshlar bilan bezatildi. Masjid hujralaridagi g‘ishtin imoratlar qayta ta’mirdan chiqarildi. Hozirgi kunda «Malik Ashtar» masjidi «Shahrisabz» davlat muzey qo‘riqxonasi tarkibiga kiritilgan tarixiy ob’yektlardan biri bo‘lib, yurtimizga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun xizmat qilib kelmoqda. 

Javohir Yodgorov,
«Shahrisabz davlat muzey qo‘riqxonasi»ning
«
Malik Ashtar» bo‘limi katta ilmiy xodimi.
G‘ayrat Qambarov,
bo‘lim boshlig‘i.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring