Arzon uy-joylar narxi nega birdaniga 40,1 foizga oshirildi? Rasul Kusherbayev Toshkent hokimiga deputatlik so‘rovi yubordi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev Toshkent hokimi v. b. Jahongir Ortiqxo‘jayevga hamda «O‘zshahar qurilish invest» direktori Z. Narzullayevga Sergeli tumanida qurilayotgan arzon uy-joylar narxi yuzasidan deputatlik so‘rovi yubordi.
So‘rov matni deputatning «Facebook»dagi sahifasida e’lon qilindi:
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlariga bo‘layotgan murojaatlar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 noyabrdagi «2017–2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholini arzon uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida qurilayotgan uy-joylarning narxi katta muhokamalarga sabab bo‘layotganligi ko‘rinmoqda.
Xususan, Sergeli tumanida bunyod etilayotgan arzon uy-joylarga talabgor fuqarolar o‘z murojaatlarida, badal pulini to‘lagan vaqtda uylarning bir kvadrat metr narxi 2 841 170 so‘m bo‘lganligi, oradan besh oy o‘tgach esa narx 3 981 697 ming so‘mga yoki (40,1 foizga) oshirib yuborilganligini bildirishgan.
O‘z o‘rnida, Toshkent shahrida arzon bo‘lmagan uy-joylar qurish va sotish bilan shug‘ullanayotgan boshqa tashkilotlarda esa «Olx.uz» internet tarmog‘ida berilgan e’lonlarga ko‘ra uy-joyning bir kvadrat metr uchun narxi 3 300 000 va 3 500 000 atrofida ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, Elite Complex tashkiloti aholi uy-joylarini qurishni kaliti bilan kvadrat metri uchun 3 500 000 so‘m narxda taklif etmoqda.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Prezident qarori doirasida, soliq va boshqa to‘lovlardan bir qator imtiyozlarga ega bo‘lgan tashkilotlar tomonidan uy-joyga muhtoj, yetim-yesir yoki kam ta’minlangan aholi vakillari uchun qurilayotgan uy-joylar xuddi shunday sifat va kafolatga ega boshqa uy-joylardan ko‘ra qimmatroqqa tushmoqda. Vaholanki, davlatimiz rahbari aholini uy-joy bilan ta’minlashda asosiy e’tibor oilada bir oila a’zosi ishlaganda ham uning oylik daromadi kreditga olinayotgan uyni qoplashga yetishi lozimligini ta’kidlab o‘tgan edilar. Ayni vaqtda esa Sergeli tumanida qurilayotgan 43,57 kvadrat metr uy-joyga boshlang‘ich badal to‘langanidan so‘ng imtiyozli davrda bir oy uchun kredit foizi to‘lovining o‘ziyoq 800 ming so‘m atrofida bo‘lsa, imtiyozli davrdan so‘ng 1 464 000 so‘mga aylanmoqda. Xuddi shunday 79,6 kvadrat metrli uy-joy esa badal to‘langanidan so‘ng kreditni qoplashga imtiyozli davrda har oyda 1 720 000 ming so‘m, imtiyozli davrdan keyin esa 3 160 000 ming so‘mga aylanmoqda. Bunday uy joylarni olishga talabgor kam ta’minlangan oilalarda esa aksariyat hollarda oylik daromadi har bir oila a’zosi jon boshiga hisoblaganda eng kam oylik ish haqining bir baravaridan ortiqcha bo‘lmaydi.
Hurmatli Jahongir Abidovich!
Shu munosabat bilan Sizdan, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasiga asosan, 10 kunlik muddatda Prezidentning 2016-yil 22-noyabrdagi «2017–2020-yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida aholi uchun qurilayotgan arzon uy-joylarning narxi, shu jumladan, boshqa tashkilotlar qurayotgan uy-joylarga nisbatan qimmatligi yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berishingizni va mazkur muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot taqdim etishingiz so‘raladi.
Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter