Andijonda 15 nafar shaxs ozodlikka chiqarildi
O‘tgan hafta Andijon viloyatida ommaviy sayyor qabullar uyushtirildi. Respublika rahbarlik idoralari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari ishtirokida o‘tgan tadbirlarda fuqarolarning qator muammolariga yechim topildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari B.Isakov boshchiligida oliy mahkama sudyalari tomonidan qabullarda jami 101 nafar fuqaro qabul qilindi.
Oliy sud matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, murojaatlarning 41 tasi jinoyat, 21tasi fuqarolik, 38 tasi ma’muriy, 3 tasi iqtisodiy sudlarga taalluqli bo‘ldi. Jami murojaatlarning 68 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi, 33 ta murojaat joyida ijobiy hal etildi. 16 ta murojaat Oliy sud tomonidan nazorat tartibida hal qilish uchun tegishli sudlov hay’atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi.
E’tiborlisi, sayyor qabullarda jami 15 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod qilindi. Bundan tashqari 4 nafar shaxsga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi tomonlarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi. Shuningdek, ikki nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ularning arizasi qanoatlantirilib, ular ham ma’muriy javobgarlikdan ozod qilindi.
Ishlarni ko‘rib chiqish jarayonida karantin qoidalariga qat’iy rioya qilingani alohida ta’kidlanadi oliy mahkama matbuot xizmati axborotida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter