Afg‘onistondan O‘zbekiston orqali narkotik oqimi ortdi
O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paygan. Bu haqda ShHTga a’zo davlatlarning giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining 12-majlisida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Giyohvand moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev ma’lum qildi, deb xabar beradi «Dunyo» agentligi.
«Afg‘onistondan shimoliy yo‘nalish orqali giyohvand moddalar savdosining hajmi oshmoqda. Ayniqsa, mintaqa mamlakatlari bilan faol integratsiya jarayonlari fonida ularning hududlari orqali asosiy giyohvand moddalarning oqimi ortmoqda. Xususan, O‘zbekiston transport infratuzilmasi orqali giyohvand moddalarni olib o‘tishga urinishlar ko‘paygani kuzatilyapti», — deydi Olim Narzullayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yilda 2020 yilga nisbatan giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 18,4 foizga oshgan. Ya’ni bunday jinoyatlar o‘tgan yili 7 142 tani tashkil etgan.
O‘tgan bir yil ichida musodara qilingan giyohvand moddalar hajmi 1 ming 864,4 kilogrammga teng bo‘lgan. Bu ko‘rsatgich 2020 yilga nisbatan 20,9 foizga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Tolibon» Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishni taqiqlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter