Adliya vazirligi Gulnora Karimova ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi
O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning pullari musodara qilingani haqidagi Shveysariya sudi bayonotiga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni ochiqladi.
Ma’lum qilinishicha, 22 dekabrda e’lon qilingan bayonotda Shveysariya sudi G.Karimova va uning sheriklarini noqonuniy mablag‘larni og‘irlashtiruvchi holatlarda legallashtirishda aybdor deb tan olgani va shu sabab 293 mln. dollaridan ortiq mablag‘ musodara qilingani haqida xabar berdi.
Bu Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun muhim g‘alaba hisoblanadi, chunki u mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun imkoniyat ochadi, deyiladi Adliya vazirligi xabarida.
Shu bilan birga, sud qaroriga ko‘ra 70 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar protsessual xarajatlar chiqarib tashlanganidan so‘ng Takilant Ltd. kompaniyasiga qaytarilishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, Shveysariya federal jinoyat sudining 2021 yil 17 dekabrdagi qarori hali yakuniy qaror emas. Hususan, Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari sudning ushbu qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Bundan tashqari, ushbu mablag‘larga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlarining vakolatli organlari tomonidan ularni hibsga olish to‘g‘risida da’vo va order ham mavjud, bu esa Shveysariya sudining ko‘rsatilgan qarori kuchga kirgan taqdirda ham ushbu mablag‘larni kompaniyaga qaytarish imkonini bermaydi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining davlat organlari Shveysariya va AQSh rasmiylari bilan G. Karimova va uning sheriklarining jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan aktivlarini qaytarish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Chunki ushbu jinoyatlardan O‘zbekiston davlati va xalqi ham jabr ko‘rgani aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2012 yilda Shveysariya Federal prokuraturasi Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy mablag‘larni legallashtirish va qalbakilashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tergov boshlagan edi. Gap O‘zbekiston bozoriga kirish va to‘siqsiz ishlash evaziga xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan noqonuniy yo‘l bilan olingan yirik mablag‘larni legallashtirish haqida ketmoqda.
Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan olib borilgan jinoiy tergov ishlari doirasida Shveysariya Federal prokuraturasi tomonidan ushbu davlat banklarida joylashgan Takilant Ltd. kompaniyasiga tegishli 350 mln. AQSh dollaridan ortiq mablag‘lar musodara qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter