49 yoshida o‘qishga kirgan Feruza yoxud oddiy ayol bilan oddiy bo‘lmagan suhbat (video)
Yangiyo‘llik Feruza Bariyeva bilan avval ham suhbat qilgandim. Ammo shunaqa odamlar bo‘ladiki, har safar undan yangilik topaverasiz. Shu orada u – 49 yoshida o‘qishga kiribdi va qaynona bo‘libdi. Bizda stereotip qarash bor-da. Ayol oddiy va fikrlashi ham oddiy. Yo‘q, mening suhbatdoshim oddiy ayol, ammo dunyoqarashi keng va fikri teran.
«Ona farzandlariga hamma narsani qila oladigan, kuchli namoyon bo‘lishi kerak. Ularning e’tirofiga sazovor bo‘lishi uchun esa ayol xoh qishloqdan bo‘ladimi xoh shaharda yashaydimi o‘z ustida ishlashi kerak. Maktabni bitirganimda o‘qishga kirolmaganman. Keyin bu orzuim orzuligicha qolib ketdi. Oila, bolalar, ammo hech qachon o‘qishga kirish istagidan voz kechmadim. Har safar farzandlarim o‘qishga kirganida bir kun men ham talaba bo‘lishimga ishonardim».
Feruza ana shunday o‘ylaydi. Men endi bolalarimni o‘qitdim, xizmatimni qilishlari kerak, deb emas, balki mening endi yashash va nimalarnidir yaratish davrim keldi, o‘z ustimda ishlash, o‘rganish vaqtim keldi, deb yashaydi.
U bilan ilk tanishganimda endigina toshlarga «jon» kirgizayotgan edi.
Uning ta’kidlashicha tabiatdagi har bir narsaning joni bor. Har bir joni bor narsaning tarixi bor.
«Qurbaqani ko‘pchilik bir qurbaqa-da, bir xunuk jonzot-da deb o‘ylaydi. Ammo uning oilasi bor, ularning shahzodasi, malikasi bor. Men ularning chiroyli tomonini toshlar va ranglar orqali ko‘rsatgim keladi».
Tinib-tinchimagan Feruza oradan hech qancha o‘tmasdan simdan shakllar to‘qish hunarini o‘rganibdi, surat chizishni boshlabdi.
«Har bir odamning o‘zi sevgan mashg‘uloti bo‘lsa boshqalarning hayotiga aralashmaydi. Men qaynonaman, ammo kelinim bilan ishim yo‘q, chunki vaqtim yo‘q. Uyingizga kelin keldimi, yana o‘z ustingizda ishlashga to‘g‘ri keladi. Kelin kelmasdan oldingi kamchiliklarimizni yo‘qotishga, yanada yaxshiroq bo‘lishga harakat qilayapmiz. Kelinning oldida buyruqchi emas, balki hali ham ko‘p ishga qodir ekanliginingizni ko‘rsatishingiz kerak», – deydi u suhbat orasida.
Feruzaning aytishicha, har bir ayol yaratuvchi, ijodkor, san’atga yaqin bo‘lishi lozim.
«Biz o‘z ustimizda ishlamasak, tajribalarimizdan foydalana olmasak, bilim bazamizni to‘ldirmasak, bolalarga nimani, qayerdan olib o‘rgatamiz».
Feruzaning niyati ushbu sohani, ya’ni chizmachilik, arxitektura, qo‘l hunarmandligini yoshlarga o‘rgatish, boshqalarga o‘rgatadigan yoshlarga ustoz bo‘lish...
«Har bir insonning kim bo‘lishi, qanday odam bo‘lishi, qaysi yo‘lni tanlashi o‘ziga bog‘liq. Shu o‘rinda bir eshitgan voqeamni aytib o‘tmoqchiman: Boy, milliarder odam intervyu beribdi. Undan so‘rashibdi, siz qanday qilib bu darajaga erishdingiz: U aytibdi «otam ko‘p ichardi, onam yomon yo‘lga yurardi, men ularning xatolarini, hayot yo‘lini qaytargim kelmadi, ular yurgan yo‘ldan ketmadim, mehnat qildim, intildim.» Keyin boshpanasiz daydidan intervyu olishibdi, sen nimaga bu ahvolga tushding, u esa shunday javob beribdi: «otam ko‘p ichardi, onam yomon yo‘lga yurardi, men shunaqa oilada o‘sganman, shularning bolasiman, shulardan tarbiya olganman...».
Vaholanki, milliarder ham, boshpanasiz daydi ham bir ota-otaning bolalari, egizaklar bo‘lgan. Demak, biz hayot yo‘limizni tanlashimizda ota-onalarimizni yoki boshqalarni aybdor qilishimiz kerak emas...»
Feruza kelgusida hunarini kengroq targ‘ib qilish, shogirdlar chiqarish haqida bosh qotirmoqda. Buning uchun esa unga joy kerak, hunarini davom ettirishi, kengaytirishi uchun mablag‘ kerak. Qahramonimiz Yangiyo‘l tumani mutasaddilariga yordam so‘rab yo‘llagan arizasining javobini kutayapti. Biz ham mana shunday ayollarning istagi va xayrli yo‘ldagi intilishlari bejiz ketmasligiga ishonamiz.
Muallif: Barno Sultonova
Operator: Elyor Tursunboyev
Montajchi: Sherzod Qayumov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter