«400-800 yevro atrofidagi oylik o‘rtacha maosh hisoblanadi» – Serbiyada ishlayotgan o‘zbek yigiti bilan suhbat
«Xabar.uz» chet eldagi hamyurtlarimiz bilan intervyularni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Shohrux Qodirov Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Hozir Serbiyada kur’yer sifatida ishlab keladi. Serbiyaga ketishdan oldin bir muddat Dubayda ishlagan.
Shu bilan birga u Xitoyning Nankin pochta va telekommunikatsiya universitetida ham tahsil olmoqda.
U bilan suhbatimiz Dubay hamda Serbiyadagi hayot, o‘rtacha oyliklar, xarajatlar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
Hozir Serbiyada kurer sifatida ishlayapman
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida tug‘ilganman. Oilada 2 ta aniqrog‘i, men katta farzandman va singlim bor. Dadam Rossiya Federatsiyasida qurilishda ishlaydi. Onam mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida xizmat qiladi.
Marg‘ilon shahar 11-maktabda va so‘ngra Farg‘ona kompyuter texnologiyalari kollejini bitirganman. Hozirda Xitoy Xalq Respublikasidagi Nankin pochta va telekommunikatsiya universitetida aynan shu soha bo‘yicha bakalavr bosqichida grant asosida tahsil olaman. Pandemiya tufayli chegaralar yopiq bo‘lib 1-kursni onlayn o‘qib tamomladik.
Hozir Serbiyada kurer sifatida ishlayapman. Bundan oldin Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida kafeda kassir bo‘lib yarim yildan ortiq vaqt ishladim.
Sayohat qilish va xorij davlatlarni ko‘rishni juda xohlardim
Dubayga ishlashga ketishimga turtki bo‘lgan birinchi narsa o‘qishimga yo‘llar yopiqligi va hali beri ochilmasligi bo‘lgan. Undan tashqari ingliz tilini yaxshi o‘rganganim uchun butun dunyo bo‘ylab sayohat qilish va xorij davlatlarini ko‘rishni juda xohlardim. Shuning uchun o‘qishimga yo‘llar ochilishini kutib vaqt yo‘qotib o‘tirmasdan chet eldagi hayot tajribasiga tezroq erishish maqsadida safarga otlandim.
6 oydan ortiq Dubay shahrida mehnat qildim. Lekin xodimlar yotoqxonasi Sharja shahrida edi. Shu tariqa bir vaqtning o‘zida 2 xil shahardagi hayot tarzini boshdan kechirdim. Undan tashqari endi borgan paytim ish qidirayotganimda Ajman shahrida ham bo‘lib kelishga ulgurdim.
Meni nazarimda shahar strukturasi bo‘yicha Dubay va Abu Dabi qolgan Amirliklarga qaraganda ancha ilgarilab ketgan.
Qattiq karantin qoidalari tufayli Abu Dabiga kirishga alohida ta’lablar bor edi u yerga borishga ulgurmagandim hali. Aynan Dubayni o‘zi haqida gapirsam, ochig‘i shahar menga juda yoqdi.
Ammo mamlakat iqlimini ham gapirib o‘tish kerak. Qish mavsumida u yerda ob-havo juda maromida iliq bo‘ladi, lekin yozga kelib juda isib ketadi. Yana diqqatga sazovor narsalari bular masjidlar juda ko‘pligi, yo‘llar ravon, hamma qonunga amal qiladi. Politsiyani ko‘chada deyarli ko‘rmaysiz. Har xil millat vakillari juda ko‘p, ayniqsa hindlar, pokistonliklar, filippinliklar va albatta o‘zbeklar ham yetarlicha.
500 – 1000 AQSh dollar atrofida sarf qilishi mumkin
Dubaydagi xorijliklarni ishi haqida gapirsam, shahar turizm zonasi bo‘lganligi uchun eng ko‘p ishlar ham turizm va savdo sohalarida. Savdo markazlari, mehmonxonalar, restoranlarda juda ko‘p xorijliklar ishlayatganini ko‘rish mumkin. Ularni orasida o‘zimizning vatandoshlar yetarlicha topiladi.
Oylik maoshlarga kelsak, aynan turizm sohasida oyliklar ko‘pchilik kutganchalik baland emas, lekin ish joyiga qarab «choy chaqa» juda yaxshi bo‘ladi. Shularni jamlagan holda o‘rtacha oylik daromad 1000 AQSh dollarga yaqin, ba’zan undan ham yuqori yoki uning yarmi bo‘lishi ham mumkin.
Xarajatlar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsam, odatda ish beruvchi juda ko‘p hollarda barcha narsalarni ta’minlab beradi, masalan yotoqxona, 3 mahal ovqat, ishga olib borib keladigan transport va forma, shularning hisobiga deyarli xarajatlar bo‘lmaydi. Lekin aslida u yerda yashash qimmat, shunchaki chekkadan borgan odam o‘zining yurish turishiga qarab o‘rtacha oyiga 500 – 1000 AQSh dollar atrofida sarf qilishi mumkin.
Serbiya men uchun juda qiziq tuyildi
Dubaydan Serbiyaga kelishimga bir nechta sabablar bor. Birinchi o‘rinda yuqorida aytganimdek sayohatga bo‘lgan ishtiyoq, garchi Serbiya Yevropa Ittifoqiga kirmasa ham Yevropa mamlakati degan nomi bor. Bu orqali qolgan qit’a davlatlariga oson borish imkoni mavjud. Nasib qilsa, albatta, yana bir nechta qo‘shni davlatlarga sayohat qilib kelish niyatim bor.
Ikkinchi sabab aynan Serbiyaning o‘zi. Bu bizning xalqimiz uchun anchagina notanish davlat. Ya’ni o‘zbekistonliklar Serbiya haqida ko‘p ham bilishavermaydi. Shaxsan o‘zim ham oldin bu davlat haqida deyarli ma’lumotga ega bo‘lmaganman. Umuman Serbiyada yashash men uchun juda qiziq tuyildi.
Hozirgacha Serbiya haqida taassurotlarim yaxshi. Serblar juda ochiq ko‘ngil, yordamga har doim tayyor, mehribon xalq ekan. Poytaxt Belgrad o‘zining 100 yil oldin qurilgan binolarini qanday bo‘lsa, shunday saqlab qolgan. Tabiatga bo‘lgan mehr odamlarda o‘zgacha ekanligiga guvoh bo‘lyapman. Misol uchun juda ko‘p joylarda parklar bor va ko‘chalarda daraxtlar ko‘p. Shu bilan birga odamlarning shahar ekologiyasini asrab qolishga intilishidan hayratlandim.
Serblarning o‘zlariga ham yangilik bo‘ldi
O‘ylashimcha, o‘zga millat vakillarining eltuv ishlarini amalga oshirishi serblarning o‘zlariga ham yangilik bo‘ldi. Ularga xizmat ko‘rsatganimizda xayratlanayotganini sezib turamiz. Lekin buni deyarli barcha iliq qabul qilyapti.
Bu yerda restoran, kafelar juda ko‘pligi uchun chet elliklar asosan shu sohalarda ish topishi osonroq bo‘lsa kerak. Oyliklar o‘ta baland emas. Taxminan 400-800 yevro atrofidagi oylik o‘rtacha maosh hisoblanadi, chunki bu yerda yashash narxi deyarli O‘zbekistondagi sharoit bilan bir xil, ba’zi narsalar hatto arzonroq. Oylik xarajatlarni ham deyarli O‘zbekiston bilan bir xil qilib qiyoslashingiz mumkin.
Ammo bu 2 yarim million so‘m 5 kishilik oilaga yetadi, deb bo‘lmaydi.
FAANG kompaniyalarida ishlash maqsadim bor
Kelajakda rejalarim ko‘p. Avvalambor Xitoy xalqaro talabalarga o‘z eshiklarini yana ochishini kutyapman. Baribir borib o‘qishimni u yerda bitirmoqchiman.
Undan so‘ng magistraturani Skandinaviya yoki ingliz davlatlaridan birortasida o‘qishni reja qilganman.
Shu bilan bir vaqtda o‘zimning IT soham bo‘yicha yetarli tajriba to‘plab FAANG (Facebook, Apple, Amazon, Netflix i Google) kompaniyalarida ishlash va onlayn biznesni yo‘lga qo‘yish maqsadim bor.
Qolaversa yanada ko‘proq davlatlarga sayohat qilib o‘z dunyo qarashimni kengaytirmoqchiman.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter