2019-yilda O‘zbekistonga qancha sayyoh kelgani ochiqlandi
Joriy yilning 10-yanvar kuni Toshkent shahridagi «Poytaxt» biznes markazida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida 2019-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2020-yilgi rejalarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda qo‘mitaning axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2019-yil davomida O‘zbekistonga 6 748 500 nafar sayyoh tashrif buyurgan, 2018-yilda esa bu ko‘rsatkich 5 346 200 kishini tashkil qilgan. Ularning aksariyati, ya’ni 51,3 foizni 31-55 yoshdagi kishilar (2018-yilda 52,1 foiz), 20,2 foizini 55 yosh va undan kattalar (2018 yilda 19,4 foiz), 19,5 foizini 19-30 yoshdagilar (2018-yilda 20,4 foiz) va 9,1 foizini 0-18 yoshlilar (2018-yilda 8,1 foiz) tashkil qiladi.
Eng ko‘p sayyoh Markaziy Osiyo mintaqasidan tashrif buyurgan bo‘lib, ularning soni 5 764 500 kishiga yetgan. MDH mamlakatlaridan kelganlar soni 495 600 kishini tashkil qilgan. Uzoq xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar soni esa 488 400 ming kishini qayd etgan.
Sayyohlarning aksariyati Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Hindiston kabi davlatlardan tashrif buyurgan.
O‘zbekistonga tashrif buyurganlar orasida qarindosh-urug‘ va do‘stlarini ko‘rishga kelganlar soni 81,8 foizdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, dam olish uchun kelganlar 15,5 foizni tashkil etgan. Boshqa sabablar, jumladan davolanish, xaridlar, biznes uchrashuvlarda ishtirok etish hamda ta’lim olish maqsadida kelgan xorijliklar soni 2,7 foizni qayd etdi.
Ta’kidlash joizki, 2019-yil yakuniga ko‘ra, turistik xizmatlar eksporti ko‘rsatkichi 1 mlrd 313 mln AQSh dollarini tashkil qilib, 2018-yilga nisbatan (2018-yilda 1 mlrd 041 mln) 26,1 foizga o‘sish qayd etildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter