«1 yilda 14 oylik ish haqi» – Portugaliyadagi o‘zbek tadbirkori Ilhom Chorshanbayev bilan suhbat
Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan intervyularni davom ettiramiz. Navbatdagi suhbatdoshimiz Ilhom Chorshanbayev Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 20 yildan buyon Portugaliyada oilasi bilan istiqomat qilib keladi.
Ilhom aka bilan suhbatimiz nega Portugaliyaga ketgani, u yerdagi hayot, biznesi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
Farzandlarimizni Yevropada o‘qishini xohlaganmiz
Samarqand shahrida tug‘ilganman. Oilada 11 farzandmiz. Tibbiyot texnikumini tugatganman, so‘ng biroz vaqt tibbiyot sohasida ishladim.
2001 yili Portugaliyaga kelganman, 20 yil bo‘ldi shu yerda ishlab, yashayapman oilam bilan. Uch nafar farzandim bor, katta farzandlarim shu yerda o‘rta va oliy ta’limni bitirishib, ishlashayapti, o‘g‘lim xalqaro biznes sohasida, qizim esa stamatolog, kichik qizim shu yerda tug‘ilgan, hozir bog‘chaga boradi.
Portugaliyaga kelishimga sabab, yoshligimdan chet mamlakatlarga chiqib ishlash, ham boshqa davlat madaniyati bilan tanishishga qiziqqanman va yana farzandlarimizni Yevropada o‘qishini rafiqam bilan xohlaganmiz. Nega aynan Portugaliya ekani esa bu yerning iqlimi yoqadi, qattiq sovuq bo‘lmaydi, tabiati go‘zal, ham o‘sha yillari bu davlatda chetdan kelganlarni legalizatsiya qilish, ya’ni qonunan ishlab yashashga ruxsat olish osonroq edi.
Oilangiz bo‘lsa, hamma mashaqqatlarni yengib o‘tasiz
Bir yurtdan boshqa bir yurtga kelib ishlash, joylashish oson emas, biz juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik, ammo yoningizda sizni tushungan va ko‘mak beruvchi oilangiz bo‘lsa, hamma mashaqqatlarni yengib o‘tasiz.
Bu yerga kelganimda, avvalo, tilni o‘rganishga kirishdim, paralel ishlay boshladim, 7 yil bitta korxonada, ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda kerak bo‘ladigan o‘g‘itlar, kimyoviy tarkiblar sotuvi bilan shug‘ullanadigan korxonaga ekspeditorlik qildim hamda kechki payt,meva-sabzavotlar sotiladigan ulgurji savdo markazidagi omborda ham ishladim. Bu yerda ish ba’zan tungi 1-2 gacha bo‘lar edi.
Ammo mamlakatda mehnat qilsangiz qadrlashadi, yordamlashishadi, meni yuqoridagi ish joyilarda juda iliq qarshi olishgan va tilni o‘rganishimga, sharoitiga ko‘nikishimga, yashash tarzi bilan tanishuvimga katta yordam berishgan.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlash qiyin emas
Biznesimizni 2008 yilda kichik do‘koncha bilan boshladik, rafiqam bilan birgalikda oilaviy yuritamiz. Aniqrog‘i, kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanamiz, biznesimiz yura boshlagach, kattaroq do‘kon ochishni o‘ylab, ijaraga boshqa kattaroq do‘kon olib yurita boshladik, ismini qizimiz nomiga «DINORA» deb qo‘yganmiz.
Bu yerda vaqtida hamma soliq va to‘lovlarni to‘lab borsangiz, muammo bulmaydi, bu yog‘i o‘zingizni harakatingiz va ish uslubingizga bog‘liq, bu biznesni yuritish ham oson emas. Raqobatchilar ko‘p, o‘ziga xosligingiz bilan ajralib turmasangiz, mijoz e’tiborini torta olmaysiz, bunga hamma narsa kiradi, tovar assortimenti, vitrinalar bezalishi, tovarlar reklamasi, sotuvchi muomalasi, xullas mayda detallargacha e’tibor berish lozim.
Portugal xalqi yaxshi servisni xohlashadi va shuning uchun mijoz bilan muomala qilganda juda e’tiborli, ehtiyotkor bo‘lish kerak. Albatta o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor, kiyim-kechak biznesida moda ritmini ushlashingiz zarur. Tovar tanlashda, undan tashqari hisob-kitob ishlarini ham o‘zimiz qilamiz.
Shuningdek, bu yerda soliq to‘lov turini tadbirkorning o‘zi tanlaydi, ya’ni xohlasangiz har oyda yoki har uch oyda bir topshirishingiz mumkin, foydadan 23 foiz to‘lanadi.
Tadbirkorlik faoliyatini boshlash qiyin emas, moliya bo‘limiga borib rasmiylashtirasiz, yarim soatda bo‘ladigan ish. Shu kundan boshlab, belgilangan soliqlarni va ijtimoiy himoya to‘lovlarini to‘lay boshlaysiz. Faoliyatni rasmiylashtirish oson, ammo uni yuritish, orqada qolmaslik, doimo qanaqadir o‘zgarishlar qilib, o‘ziga xoslikni saqlash oson emas. Yakka tadbirkor bo‘lganingiz uchun o‘zingiz harakat qilmasangiz bo‘lmaydi, shuning uchun ko‘pincha dam olish kunlari ham ishlashga to‘g‘ri keladi.
1 yilda 14 oylik ish haqi belgilangan
Portugaliyada xorijiy ishchilarga, ya’ni o‘sha qonuniy rasmiylashtirilgan yashash va ishlash huquqini beruvchi «cartáo de residensia» hujjatingiz bo‘lsa, huquqlaringiz mahalliy aholiniki bilan bir xil, faqat saylovda ovoz berish huquqidan tashqari.
Hafta davomida 8 soatlik ish kuni belgilangan, shanba va yakshanba kunlari ishlasangiz qo‘shimcha 2 barobar haq to‘lanadi, bu yerda 1 yilda 14 oylik ish haqi belgilangan. 12 oydan tashqari bir oy Yangi yil bayrami hamda ta’tilga ketgan vaqtingizda yana bir oy qo‘shib berishadi, oylik maoshi ishlab turgan lavozimiga qarab, minimal ish haqi 700 yevro va subsidiya sifatida tushlik puli ham beriladi.
Chetdan kelganlarga mehribon va e’tiborli xalq, vaqtida o‘zlari ham Yevropaning boshqa davlatlarida immigrantlik qilishgan. Buni yaxshi tushunishadi va shuning uchun qo‘llaridan kelgancha yordamlarini ayamaydilar.
Oyligingizning 60 foizi to‘lab beriladi
Menga bu yerdagi ijtimoiy ta’minot tizimining faoliyati juda ma’qul keladi. Ya’ni bu tizimga har oy oylik ish haqidan ishchi 11 foiz, ishxona esa 23 foiz to‘lov to‘laydi. Bu milliy ijtimoiy ta’minot tizimini tashkil etuvchi Portugaliya ijtimoiy ta’minoti barcha Portugaliya fuqarolariga yoki Portugaliyada faoliyat ko‘rsatadigan yoki istiqomat qiladigan chet el fuqarolariga asosiy huquqlar, teng imkoniyatlar, farovonlik va ijtimoiy birdamlikni ta’minlashga qaratilgandir.
Deylik kasal bo‘lib kasalxonaga tushdingiz, davolandingiz yoki jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdingiz, hech nima to‘lamaysiz, ya’ni ijtimoiy ta’minot bo‘limi sizni hamma to‘lovlaringizni to‘laydi yoki ishsiz qoldingiz bir yarim yilgacha ijtimoiy ta’minot tizimi sizni oyligingizni 60 foizini to‘lab beradi. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin, umuman olganda bu yerdagi ijtimoiy ta’minot tizimi ishchi-xizmatchilarning himoyasiga xizmat qiladi.
«Jannatmakon burchak!» deb atashadi
Portugal tili ispan tiliga juda o‘xshash, o‘ziga xos til. Dunyoda so‘zlashuv darajasi bo‘yicha 5 o‘rinda turadi.
Portugaliya esa Yevropa Ittifoqiga a’zo. Tarixda portugallar dengiz orqali chiqib, yangi yerlarni kashf etib, xaritani kengaytirishgan. Umuman, portugallar sarguzashtlarni yoqtiradigan xalq.
Mamlakat aholisi 11 millionni tashkil etadi. Portugaliya kichik davlat bo‘lsa-da, ammo dunyodagi eng tinch turmush tarziga ega davlatlaridan biri. Oxirgi 3 yil davomida esa Portugaliya ketma-ket, turistlar uchun eng ko‘p tavsiya qilinadigan yurt deb tan olingan. Bu yerda turizm juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, servislar yuqori darajada va tabiati ham juda go‘zal, dengiz mavjlari, plyaj hamda Yevropadagi boshqa davlatlarga qaraganda sayyohlar kelib aylanib, dam olishlari uchun xarajatlari unchalik qimmat emas. Shuning uchun ham Portugaliyani Yevropa davlatlari orasida «Jannatmakon burchak!» deb atashadi.
Insonlarning turmush tarziga kelsak, albatta biznikidan ancha farq qiladi, biz yoqtiradigan va yoqtirmaydigan tomonlari ham bor. Portugallar oddiylikni yaxshi ko‘radigan ko‘ngli ochiq xalq, turmush tarzida ortiqcha bezakni emas, oddiylikka, ammo sifatli narsalarni tanlashadi.
Taomlariga kelsak, baliq mahsulotlarini, dengiz mahsulotlarini ko‘p iste’mol qilishadi. Zaytun yog‘ini afzal ko‘rishadi. Yana bir o‘ziga xos tomoni bu kofe. Portugaliyadi kofe eng ajoyib ta’mga ega. Portugallar kunni ajoyib kofe bilan boshlashadi, biz ham xush ko‘ramiz. Portugallarda bir ibora bor «Posso sair de casa bem cedo, mas acordar, so depois do meu cafe!», «Uydan erta tong barvaqt chiqishim mumkin, ammo uyg‘onishim bir piyola kofedan so‘ng», yoki «O segredo para um bom dia: um sorriso no rosto, força e cafe» – «Kun ajoyib boshlanishining siri, bu – yuzda tabassum, qalbda mehr va bir qultum kofedir».
Portugal xalqining o‘ziga xos jihati vazminligi, hamma narsani o‘z qoidalari bilan qiluvchi, shoshilmasdan bajaruvchi xalq. Yordam so‘rasangiz doimo imkon boricha yordamlashishadi, muomala madaniyati juda yuqori, biror gapingiz yoqmasa, shunchaki kulib qo‘yishadi yoki yoqtirishmagan holatni ham chiroyli qilib tushuntirib berishadi. Farzandlar tarbiyasida erkinlik mavjud, kichkinaligidan o‘zining mustaqil fikri bo‘lishiga, xatolari bilan hayotni o‘rganishiga qo‘yib berishadi.
Oliy ta’limdagi yana bir yaxshi jihati shuki, kirish testlari bo‘lmaydi, ya’ni 11 va 12-sinf yakunida bo‘ladigan imtihonlar to‘plagan ballari hamda uch yil davomida fanlardan o‘zlashtirgan ballari hisoblab chiqilib, qabul markazlariga onlayn tarzda topshiriladi va faqat tanlov qilinib, kimning bali yuqori bo‘lsa o‘sha o‘tib ketaveradi.
Ona-Vatan sog‘inchi!
Bu yerda bizni qiynaydigan asosiy narsa Vatan sog‘inchi, yaqinlar diydori. Shuncha yil yashayotgan bo‘lsak-da, bu yerda baribir O‘zbekistonni juda sog‘inamiz, o‘zimizning milliyligimizni, urf-odatlarimizni sog‘inamiz. Ta’tilga borib turamiz, O‘zbekistonda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib xursand bo‘lamiz. Uyda doimo bolalar bilan o‘zbek tilida gaplashamiz, Allohga shukr o‘zbek tilini juda yaxshi gapirishadi.
Biz dunyoning qaysi burchagida bo‘lmaylik, ona-yurt hissi doimo qalbimizda yashaydi. Rizqu-nasibamiz shu yurtlarga sochilgan ekan, yaratganga shukr deb ishlayapmiz, ammo Vatanga qaytish rejamiz bor, musofirchilik oson emas, shuning uchun Vatandan yiroqda hayotini, sharoitini yaxshilash uchun mehnat qilayotgan vatandoshlarimga omonlik, bardosh, tinchlik tilab qolaman! O‘zbek degan nomni, mehnatsevar xalq vakili ekanligimizni butun dunyoga tanitishdan charchamaylik.
Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter