Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi yashirin aylanma darajasini keskin pasaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu farmon bilan:

  1. Biznesning «soyadan» chiqishini rag‘batlantirish, soliq rejimini soddalashtirish hamda naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.

Xususan:

1) umumiy ovqatlanish sohasidagi kichik tadbirkorlik sub’yektlarining bank kartalari va kontaktsiz to‘lovlardan foydalangan holda jismoniy shaxslardan olingan daromadlari umum belgilangan soliqlarni to‘lashga majburiy tartibda o‘tish maqsadida umumiy daromadga kiritilmaydi. Ushbu chora plastik kartadalardan cheklovlarsiz to‘lov qabul qilish hisobidan tushumni ko‘paytirish hamda naqd shaklda olingan summalarni aks ettirish imkonini beradi.

2) Avval qabul qilingan qarorga muvofiq 2021-yil 1-yanvardan rieltorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish talabi bekor qilingan. Lekin ko‘rsatilayotgan xizmatlardan olinadigan daromadni qonuniy aylanmaga jalb qilish uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasini 25 foizdan 13 foizgacha pasaytiriladi.

3) Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan onlayn kassa mashinalarining cheklarida aks ettirilgan QR kodi asosida sovrinli o‘yinlarni o‘tkazish eksperimenti 2020-yilda barcha hududlarda amalga oshiriladi.

Bugungi kunga qadar Toshkent shahrida 9 oyda 3,3 trillion so‘mlik 16,3 millionta chek, viloyatlarda esa 6,3 trillion so‘mlik 22,7 millionta chek chiqarilgan. Sovrinli o‘yinlarning viloyatlarda joriy etilishi onlayn kassa mashinalariga o‘tish jarayonini tezlashtiradi.

Sovrinli o‘yinlarga 1 milliard so‘m ajratilgan bo‘lib, 2020-yil 1-oktyabr holatiga 524 million so‘mlik sovrinlar o‘ynaldi;

  1. Qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarni biznes yuritishdagi joriy amaliyotga moslashtiriladi, jumladan:

qurilish korxonalariga ishchilarni ularga ish haqini naqd pulda to‘lash (mehnatga haq to‘lash fondining 10 foizidan oshmagan holda) huquqi bilan hamda ularni ijtimoiy himoya qilish kafolatlarini saqlab qolgan holda shartnoma tuzmasdan yollashga muddatli ravishda ruxsat beriladi

  1. Soliq va bojxona ma’muriyatchiligi vositalari hisob va tushumlarning to‘liqligiga, shu jumladan, soliqlardan bo‘yin tovlagan jismoniy va yuridik shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortishga qaratiladi. Bu quyidagilar orqali amalga oshiriladi:

1) tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishga vakolatli organni xabardor qilgan holda o‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari natijalarini ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish tartibini joriy qilish.

Ushbu chora soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari doirasidagi harakatlariga fuqarolarning ishonchini oshirish, shuningdek, soliq organlari suiiste’mollik holatlariga yo‘l qo‘yishlarining oldini olishga xizmat qiladi;

2) Soliq organlarining ma’lumotlarini qayta ishlash markazini zamonaviy server uskunalari va tegishli dasturiy ta’minot bilan ta’minlashni tezlashtirish va birlamchi qo‘shimcha jihozlash maqsadida 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Soliq islohoti natijasida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, resurs soliqlarini to‘lovchi shaxslar soni o‘rtacha 15 barobar ko‘paydi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, vakolatli organlarning tayyorgarligi va iqtisodiyotdagi yashirin ulushning qisqarishi o‘rtasida bevosita aloqa bor. Masalan, IT darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda yashirin iqtisodiyot ulushi past.

  1. Yashirin iqtisodiyotga ta’sir qiluvchi omil sifatida korrupsiyani qisqartirish.

1) Xalq ta’limi vazirligi, Transport vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, «Hududgazta’minot», «Hududiy elektr tarmoqlari», «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirishga qaratilgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali ichki nazorat (komplayens-nazorat) tizimini joriy qilish.

2) Markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini majburiy o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

3) Davlat organlarida, shu jumladan hududlarda korrupsiya darajasini reyting baholash metodikasini ishlab chiqish, shuningdek, reyting natijalarini davriy e’lon qilish hamda rahbarlarining shaxsiy javobgarligini baholash tizimini joriy qilish.

Ushbu reyting davlat organlari faoliyatida korrupsiya ko‘rinishlari mavjudligi xatarini tahlil qilish asosida korrupsiyaga eng moyil bo‘lgan idoralar monitoringini amalga oshirish imkonini beradi. Shuningdek, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini baholash va e’lon qilish ularning mas’uliyatini oshiradi.

  1. Turli vazirlik va idoralarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan faoliyatini ta’minlash.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish «ko‘p vektorli» tusga ega ekani hamda ko‘plab vazirlik va idoralarning ishtirokini taqozo etishini hisobga olib, Maxsus komissiya tashkil etiladi va uning ichi organi sifatida Moliya vazirligi belgilanadi.

Shu bilan bir qatorda, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash bevosita joylarda amalga oshirilishini hisobga olib, hududlar hokimlari boshchiligidagi hududiy komissiyalar tuzilmoqda, ularning aniq aniq vazifa va funksiyalari belgilanadi.

Maxsus komissiyasiga Jahon banki va boshqa xalqaro institutlar bilan hamkorlikda Yashirin iqtisodiyotning oldini olish va unga qarshi kurashish strategiyasini, Markaziy bankka esa naqdsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasini ishlab chiqish yuklatildi.

  1. Ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni, notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarini jalb qilish, jamiyatda yashirin iqtisodiyotga murosasizlik hissini shakllantirish, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu munosabat bilan tadbirkorlar va aholini qonuniy biznesning nufuzini oshirishga jalb qilish va noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarga nisbatan murosasizlikni targ‘ib qilish bo‘yicha «media-reja» ishlab chiqiladi.

Farmon ijrosi quyidagi tartibda tashkil etiladi:

— Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha Maxsus komissiya va hududiy komissiyalar tuziladi, ko‘rsatilgan choralar ijrosining borishi yig‘ilishlarda har hafta ko‘rib chiqiladi;

— vazirlik va idoralarning yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»da nazarda tutilgan choralarni so‘zsiz bajarish;

— yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan vazirligi va idoralar o‘rtasida turli darajadarda yaqindan hamkorlikni (chora ko‘rish, axborot almashish va boshqalar) yo‘lga qo‘yiladi;

— Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Hisob palatasi rahbarlari hududlarga chiqib, hududiy komissiyalarning samarali faoliyatini tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring