Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer va dehqon xo‘jaliklariga texnik ko‘mak beriladi

Meva-sabzavotchilik texnologiyalari bo‘yicha texnik ko‘mak loyihasi 12 mingga yaqin fermer va dehqon xo‘jaliklarini hamda 600 ga yaqin agrobiznes vakillarini qamrab oladi. Bu texnik ko‘mak guruhi eksperti To‘ychi Ro‘ziboyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi (XTTB ulushi – 650 million AQSh dollari) «O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish» loyihasi amalga oshirib kelinmoqda.
Mazkur loyihaning qishloq xo‘jaligiga texnik yordam ko‘rsatish komponentini moliyalashtirish uchun Yevropa Ittifoqining 19,5 mln. yevro miqdoridagi grant mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi va XTTB o‘rtasida 2018 yil 7 sentyabrda imzolangan Grant bitimi asosida jalb qilingan.
Bu komponent yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasida tadqiqotchilik faoliyatini rivojlantirish, fermerlarga zarur texnologiyalar, axborotlarni yetkazib berish, shuningdek, mahsulot sifati bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy qilishni qamrab oladi.
Loyihaning «O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik texnologiyalari bo‘yicha texnik ko‘mak» qismini amalga oshirish «Sofreco» (Fransiya) va «Global Advisors» (O‘zbekiston) konsalting kompaniyalaridan iborat konsorsium zimmasiga topshirildi. Bu ishlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish va mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarga mos ravishda olib boriladi.
Mazkur yo‘nalishning asosiy maqsadi zamonaviy usullar va texnologiyalar yordamida meva-sabzavotchilik mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, saralash va qadoqlash bo‘yicha ko‘rgazma maydonlarini tashkil qilishni davom ettirish, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, hosildorlik va rentabellikni oshirish, seleksiya, urug‘chilik va o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi ilmiy-tekshirish institutlari salohiyatini modernizatsiya qilish kabi masalalarga qaratiladi.
Meva-sabzavotchilik texnologiyalari bo‘yicha texnik ko‘mak loyihasi 3 yil muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, u butun mamlakat bo‘yicha meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 12 mingga yaqin fermer va dehqon xo‘jaliklarini hamda 600 ga yaqin agrobiznes vakillarini qamrab oladi. Buning uchun manfaatdor tashkilotlar va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ham uzviy hamkorlikda ish olib boriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter