Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident yangi zavod faoliyatiga start beruvchi ramziy tugmani bosdi

Prezident yangi zavod faoliyatiga start beruvchi ramziy tugmani bosdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent metallurgiya zavodi ishga tushirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu majmua ochilishini «tarixiy voqea» deb atadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ushbu zavod qurilishi 2017 yil fevralda boshlangan edi. Prezidentimiz 2018 yil avgustda bu yerga kelib, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi. Turli qiyinchiliklarga, koronavirus pandemiyasiga qaramasdan, minglab fidoyi insonlarning bilim va mehnati evaziga ulkan korxona qad rostladi.

Shavkat Mirziyoyev bunga hissa qo‘shgan loyihachi va quruvchilarga, xorijiy hamkorlarga tashakkur izhor etdi.

– Biz innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish, zamonaviy sanoat, qulay sarmoyaviy muhitni yaratish, xorijiy davlatlar va yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Bugun har jihatdan noyob bo‘lgan Toshkent metallurgiya zavodining ishga tushirilishi bu boradagi sa’y-harakatlarimizning yana bir amaliy namoyonidir, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari yangi majmuaning iqtisodiy samaradorligiga to‘xtalib o‘tdi. Yurtimizda qora metallurgiya rivojlanmagani sababli sanoat korxonalari ko‘p muammoga uchrar edi. Endi Toshkent metallurgiya zavodida yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Bu qurilish materiallari, maishiy texnika, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoatidagi yuzlab korxonalarning ehtiyojini ta’minlash imkonini beradi. Ilgari bunday mahsulotlar asosan chetdan olib kelinardi.

Kelajakda ushbu zavod avtomobilsozlik va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi korxonalari ehtiyojini ham qoplashga xizmat qiladi.

Mazkur majmuada birinchi bosqichda import o‘rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish hisobidan 400 million dollarga yaqin mablag‘ tejaladi. Mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshadi.

Misol uchun, sendvich panellar va tom yopish tunukalari tannarxida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotning ulushi 50 foizdan 90 foizgacha yetadi. Shuningdek, bu ko‘rsatkich ventilyasiya va havo tozalash tizimlari bo‘yicha 30 foizdan 50 foizgacha, maishiy elektrotexnika ishlab chiqarishda 35 foizdan 50 foizgacha oshadi. O‘z-o‘zidan ayonki, buning natijasida mahsulotlarning narxi arzonlashadi. Shuningdek, zavod tomonidan yiliga 90 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi.

Majmuada 700 ga yaqin kishi ishlaydi. Lekin, turdosh tarmoqlar bilan birga hisoblaganda, 5 mingta yangi ish o‘rni tashkil etilishi mumkin.

Tez orada yangi korxona Bekoboddagi metallurgiya kombinati bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Bekobodda qiymati 800 million dollar bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda – 1 million tonna mahsulot chiqarish quvvatiga ega quyuv-prokat majmuasi barpo etilyapti. Uning mahsulotlari Toshkent metallurgiya zavodi uchun xomashyo bo‘ladi. Shuning o‘zi rux va polimer qoplamali listlarning mahalliylashtirish darajasini 90 foizga yetkazish imkonini beradi.

– Harakatlarimizning asosiy maqsadi yaqin yillarda yaxlit, «noldan tayyor mahsulotgacha» bo‘lgan metall ishlab chiqarish klasterini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida. 

Tadbirda Toshkent metallurgiya zavodi faoliyatiga start beruvchi ramziy tugma bosildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring