Prezident hokimlar va ularning o‘rinbosarlariga jiddiy e’tiroz bildirdi
Ayni damda prezident rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda 1 million gektar g‘alladan bo‘shaydigan maydon, 508 ming gektar aholi tomorqasi, 260 ming gektar odamlarga bo‘lib berilgan yerlar imkoniyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi.
Masalan, 16 ta tuman umuman meva-sabzavot eksport qilmagan. Yoki, paxta ekmaydigan 28 ta tumanda eksport ko‘rsatkichlari qoniqarsiz. Ushbu tumanlarda mahsulot yetishtirish, saqlash, saralash va sotish bo‘yicha eksportchilar hamda dehqonlar o‘rtasida kooperatsiya tizimli yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu munosabat bilan meva-sabzavot eksportiga bee’tibor bo‘lgan tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi va eksport bo‘yicha o‘rinbosarlariga qat’iy e’tiroz bildirildi.
Bu yil hududiy dasturlar doirasida respublika bo‘yicha oziq-ovqat yo‘nalishida 833 million dollarlik 528 ta loyihani ishga tushirish reja qilingan. Lekin, 14 ta tumanda oziq-ovqat bo‘yicha birorta loyiha yo‘qligi tanqid qilindi.
Bu yili oziq-ovqat sanoatida kamida 100 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 1 milliard dollar eksport qilish reja qilingan.
Lekin, oziq-ovqat yo‘nalishidagi ayrim korxonalar aylanmasi uchun mablag‘ ola olmagan, ayrimlari sifat bo‘yicha raqobatga bardosh berolmagan, tejamkor texnologiya o‘rnatmagani uchun tannarx baland bo‘lgan.
Shu kabi, oziq-ovqat yo‘nalishidagi 20 ta yirik korxona xom ashyo yetishmasligi, mahsulotiga bozor topish va aylanma mablag‘ muammolari sababli quvvatlarini yarmini ham ishlatayotgani yo‘q.
Mutasaddilar, hokimlar yangi loyiha qilish uyoqda tursin, tayyor korxonalarga ko‘mak berishni o‘ylamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter