Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident 1 ming 200 nafar ayol ishlayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi

Prezident 1 ming 200 nafar ayol ishlayotgan korxona faoliyati bilan tanishdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahridagi «VBM Tekstil Grup» mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.

Korxona binosi qariyb o‘n uch yil qarovsiz yotgan edi. Tadbirkorga «nol» qiymatda berilgach, vaziyat tamomila o‘zgardi. 6,5 million dollar mablag‘ evaziga qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, Amerika Qo‘shma Shtatalari, Italiya, Yaponiyadan tikuvchilik va matoga ishlov berish dastgohlari keltirib o‘rnatildi.

Zamonaviy qiyofa kasb etgan korxona o‘n kun avval faoliyat boshladi. Bu yerda yiliga o‘rtacha 11 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi.

MDH mamlakatlari bilan shartnomalar imzolangan bo‘lib, yiliga 27 million dollarlik mahsulot eksport qilish mo‘ljallangan. Bu geografiyani kengaytirish maqsadida Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.

Korxonada 1 ming 200 nafar ayol ish bilan ta’minlandi. Davlatimiz rahbari ular bilan suhbatlashdi.

– Avvalambor, sizlarni yaqinlashib kelayotgan ulug‘ ayyom bilan tabriklayman. Bu fabrika andijonliklarga o‘ziga xos tuhfa bo‘libdi. Biz uchun har bir ish o‘rni muhim. Bu yerda shuncha xotin-qiz ishli bo‘lganidan juda xursandman. Tadbirkorlarimiz jahon bozorlariga chiqmoqda. Bu – dunyoqarash o‘zgarishi, imkoniyatlar natijasi, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga paxta tolasini qayta ishlashni chuqurlashtirib, qo‘shilgan qiymat yaratish, korxonalarga qo‘shimcha investitsiyalar yo‘naltirib, ishlab chiqarishning to‘liq siklini o‘zlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ilgari viloyatda yetishtirilgan paxta faqat xomashyo sifatida sotilardi. Bundan daromad 100 million dollarga ham yetmasdi. Endilikda qayta ishlash rivojlanayotgani natijasida joriy yilda qariyb 440 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi. 2021 yilda bu ko‘rsatkichni 527 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

«VBM Tekstil Grup» tomonidan Andijonda tikuvchilik va jinsi ishlab chiqarish, mato to‘qish va bo‘yash korxonalari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Shu yerda 2020-2021 yillar mobaynida viloyatda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring