O‘zbekistondagi 1 381 ta AYQSh tadbirkorlarga auksion orqali sotiladi
Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori (PQ–4388, 09.07.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qaror bilan neft-gaz tarmog‘ini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi komissiyasi tuzildi.
Komissiya uglevodorod xomashyosini qazib olishni ko‘paytirish, gaz-transport tizimini modernizatsiya qilish choralarini ko‘radi.
Energetika vazirligida neft-gaz tarmog‘ini isloh qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha loyiha ofisi tashkil qilinadi.
Qaror bilan «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, samarali tashkiliy tuzilmasi shakllantirildi.
Unga ko‘ra, «O‘ztransgaz» AJ «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidan chiqarildi.
«O‘ztransgaz» AJ ustav kapitalidagi davlat ulushi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi va uning hududiy filiallari negizida «Hududgazta’minot» AJ tashkil qilindi.
«O‘zneftmahsulot» AJ ning fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 1 381 ta avtomobilga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tadbirkorlarga auksion orqali sotiladi.
«O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidagi tashkilotlarning 13 ta bozor, savdo va chorvachilik komplekslari ustav kapitalidagi ulushlari mahalliy hokimliklarga o‘tkazildi.
Qarorga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ 2024-yilga kelib uglevodorod xomashyosi, shu jumladan, tabiiy gaz qazib olish hajmini 42,3 mlrd metr kubga va suyultirilgan gazni 1,5 mln tonnaga yetkazishi lozim.
- «O‘zbekneftgaz» AJ va «O‘ztransgaz»AJ tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:
2019-yil yakunidan moliyaviy hisobotlar xalqaro standartlarga muvofiq tuziladi va xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilib tashqi audit o‘tkaziladi; - 2020-yil yakunidan Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (IFRS)ni qo‘llaydi va har chorakda moliyaviy hisobot e’lon qiladi.
2020-yil 1-iyulgacha:
- respublika tashqarisiga bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash uchun olib chiqilgan uskunalar ularni qayta olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno);
- «O‘zbekneftgaz» AJ va uning tuzilmasidagi korxonalar amalga oshiradigan geologik qidiruv ishlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilindi.
2020-2022-yillarda O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish dasturi ishlab chiqiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter