O‘zbekistonga 1,7 million xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda

O‘zbekistonda bir oy muddatda turizm ob’yektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash bo‘yicha har bir tuman kesimida dastur ishlab chiqiladi. Bu haqda Xabar.uz muxbiri o‘z manbasiga tayanib xabar qildi.
Unga ko‘ra Navoiy viloyatidagi Sangijumon va Sentob qishloqlariga, Aydarko‘l va To‘dako‘l suv havzalari hamda Sarmishsoy darasiga olib boradigan yo‘llarni ta’mirlash uchun 50 milliard so‘m zarurligi aniqlangan. Har bir viloyatdagi infratuzilmani yaxshilashga hokimlar javobgar bo‘ladi.
O‘zbekistonda jami 22 ta yirik ziyorat ob’yektlari atrofini obodonlashtirish va infratuzilmasini yaxshilash kutilmoqda.
Shuningdek 20-fevralga qadar aviatashuvchilarga ichki turizm yo‘nalishlaridagi avia chipta narxining 25 foizini, turoperatorlarga avia va temir yo‘l chiptalari narxining 15 foizi hamda mehmonxona xizmatlari narxining 10 foizini qaytarish tartibi tasdiqlanadi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida joriy yilda 1,7 million nafar xorijiy hamda 7,5 million nafar ichki sayyoh jalb qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev ishtirokida selektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Unda davlat rahbari ichki ishlar sohasida qilinadigan o‘zgarishlar haqida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilishda «Malika», «Poytaxt» biznes majmuasi, «Beldirsoy» va «Chorvoq» dam olish maskanlari investorlarga sotilishi ma’lum qilindi, O‘zbekistonda 2021-yilda o‘zlashtiriladigan investitsiya miqdori ham keltirilib o‘tildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter