Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda Janubiy Koreya biznesi uchun eng qulay sharoitlar yaratiladi

O‘zbekistonda Janubiy Koreya biznesi uchun eng qulay sharoitlar yaratiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Mun Chje In O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumining ochilish marosimida ishtirok etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya ishonchli va uzoq muddatli investitsiyaviy hamkorlardir. Mamlakatimiz iqtisodiyotidagi  Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 7 milliard dollardan oshgan. Koreya milliy neft korporatsiyasi, Eksimbanki, «Kogas», «Lotte group», «Samsung», «Hundai», «Shindong resources» va boshqa ko‘plab yetakchi kompaniyalari yurtimizda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari Ko‘ksaroyda o‘tgan muzokaralarda ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, o‘rta va kichik biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.

— Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlar ulkan g‘oya va loyihalarni hayotga dadil joriy etish uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. O‘tgan yili mamlakatimizda yangi qo‘shma korxonalar soni 3 barobar ko‘paydi. Ularning orasida Koreya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 160 ta korxona mavjud. Biz bundan buyon ham Koreya biznesining mamlakatimizdagi ishtirokini kengaytirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratishga tayyormiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Koreya Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston azaldan savdo, ilm-fan, madaniyat markazi bo‘lgani, bugungi kunda ham biznes uchun keng imkoniyatlar ochilayotganini qayd etdi. Janubiy Koreya O‘zbekistondagi investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi.

«O‘zekspomarkaz»da o‘tkazilgan forumda ikki mamlakat iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari ishtirok etdi. Xususan, Koreya Respublikasining 150 ta kompaniya va tashkilotidan 350 dan ortiq vakillar qatnashdi. Kompaniya va tashkilotlar o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, tovarlar yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Biznes-forumda umumiy qiymati 12 milliard dollardan ziyod bo‘lgan muhim kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi. Ular energetika, neft-gaz, ximiya va tog‘-kon, mashinasozlik va elektr texnikasi, transport va logistika, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, infratuzilmalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli tibbiyot kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan.

«Angren» iqtisodiy zonasini «Inchxon» erkin iqtisodiy zonasi boshqaruviga berish, «Bo‘stonliq-farm» hududida eng zarur dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar alohida e’tiborlidir.

Prezidentimiz Koreya biznesini mamlakatimiz iqtisodiyotidagi yangi imkoniyatlardan faol foydalanishga chaqirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring