O‘zbekistonda energetika islohoti boshlanyapti
Vazirlar Mahkamasining «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, «ijtimoiy norma» tizimi joriy etiladi.
Elektr energiyasi uchun ijtimoiy norma 250 kVt soat etib belgilanishi kutilmoqda. Ya’ni bir oyda 250 kVt soatdan ko‘p elektr ishlatilsa, arzon narxda, shundan oshib ketsa, qimmatroq to‘lanadi.
Tabiiy gaz bo‘yicha aholi uchun bir oylik ijtimoiy norma isitish mavsumida 700 kub metr, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metr etib belgilanishi taklif etilmoqda.
Yilning isitish talab etilmaydigan davrida eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 99 foiz hamda hovlilarda yashovchi 86 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Isitish mavsumida esa eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi barcha abonentlar, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 93 foiz hamda hovlilarda yashovchi 64 foiz abonentlar oyiga o‘rtacha 700 kub metrgacha tabiiy gaz ishlatadi.
Masalan:
- aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m (hozirda 295 so‘m), 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m;
(tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgachani, 300 kVt.s gacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming so‘mgachani va 400 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming so‘mgachani tashkil etadi). - aholi uchun 1 kub m. tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida, ya’ni oktyabr-mart oylarida 700 kub metrgacha – 410 so‘m (hozirda 380 so‘m), 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun –1 200 so‘m, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 200 so‘m.
(isitish mavsumida 700 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha, 1 000 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi. Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha, 300 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgachani tashkil etadi).
Qaror loyihasiga ko‘ra, 2026 yildan boshlab tabiiy gaz, elektr energiyasi va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha tasdiqlanishi, o‘zgarishi yoki rad etilishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter