Necha yoshgacha kredit beriladi? Markaziy bank javob beradi

Kreditlash faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida qarz oluvchilarning yoshiga doir cheklovlar, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha Respublikada olib borilayotgan chora-tadbirlar, shuningdek, tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan kredit olish uchun xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga qanday hujjatlar topshirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat qilgan edik.
Markaziy bankdan tasdiqlashlaricha, bugungi kunda kreditlash faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida qarz oluvchilarning yoshiga doir cheklovlar belgilanmagan.
O‘zbekistan Respublikasi «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuniga asosan, banklar yuridik va jismoniy shaxslardan omonatlar qabul qiladi hamda qabul qilingan mablag‘lardan tavakkal qilib kredit beradi.
Ushbu kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari va vositachilik haqi miqdori banklar tomonidan mustaqil belgilanadi.
Kredit garovi uchun qanday talablar bor?
Tijorat banklari o‘zlari bilan doimiy ravishda aloqaga ega, bank hisob-varag‘ida muntazam pul oqimi mavjud, yaxshi obro‘ va kredit tarixiga ega bo‘lgan qarz oluvchilarga mazkur ushbu ta’minot turlaridan birini talab qilmay, blankli (ishonchli) kredit berish huquqiga ega.
Shuningdek, «Garov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, har qanday mol-mulk, shu jumladan, ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov narsasi bo‘lishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bog‘lik bo‘lgan talablar, xususan, hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablar, alimentlar to‘g‘risidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno.
O‘zbekiston Respublikasining «Garov to‘g‘risida»gi qonunining 12-moddasiga asosan garovga ko‘yilayotgan mol-mulk sug‘urta qilinishi lozim.
Bir shaxsning boshqa bir shaxsga mol-mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi. Garov shartnomasi yozma shaklda tuziladi va unda garov narsasi va uning bahosi, mohiyati, miqdori, garov bilan ta’minlanadigan majburiyatning bajarilish muddati ko‘rsatilgan bo‘ladi. Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, notarial tasdiqlanishi kerak bo‘lgan shartnomaga muvofiq, olinadigan majburiyatlarni ta’minlash yuzasidan ko‘char mulk yoki ko‘chmas mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma notarial tasdiqlanishi shart.
Kredit ta’minotiga ko‘yiladigan talablar nimalardan iborat?
Kreditlar (aktivlar) bo‘yicha ta’minot hisoblanuvchi garov bank tomonidan kreditni qoplashning asosiy manbai deb hisoblanmasligi kerak. Garov kreditni to‘lashning ikkilamchi manbai deb qaralishi kerak.
Xavfsiz va ishonchli faoliyat andozalariga muvofiq tarzda banklar garovni kreditni qaytarishning vositasi deb hisoblagan holda kredit bermasliklari kerak. Kredit (aktiv) bo‘yicha olingan garovni tahlil qilishda bank garovning likvidligini e’tiborga olishi lozim. Shunga muvofiq, ravishda bank asosiy qarz summalarining qaytarilishini va garovni sotishdan olinadigan foizlarni baholashi kerak.
Aktivlarning likvidli ta’minotiga quyidagilar kiradi:
— O‘zbekiston Respublikasi hukumatining so‘zsiz kafolati;
— O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining so‘zsiz kafolati;
— banklarda ochilgan hisob-varaqalarda erkin ayirboshlanadigan valyuta shaklidagi garov;
— O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qimmatli qog‘ozlari shaklidagi garov;
— andozaviy qimmatbaho metallar shaklidagi, ya’ni oltin va kumush quymalari shaklidagi garov.
Quyidagi aktivlar esa nolikvid ta’minotga ega deb hisoblanadi:
— ko‘chmas mulk, o‘zlashtirilgan va o‘zlashtirilmagan yerga bo‘lgan huquqni hisobga olgan holda;
— ko‘char mulk;
— xususiy korxonalarning qimmatli qog‘ozlari;
— yuridik va xususiy shaxslarning kafolatlari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter