Millioner bo‘lishning 10 qoidasi
«DataMonitor» tadqiqotiga ko‘ra, dunyoda boy odamlar soni ko‘paysa ko‘payadiki, kamaymaydi. Buni statistik ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Xo‘sh, bu yaxshimi-yomonmi? Qonun-qoidaga rioya qilib, barcha talab va mezonlarni to‘la-to‘kis ado etib, o‘zi ham farovon yashashiga nima yetsin! Har holda millioner bo‘lishni istamaydiganlar kamdan-kam bo‘lsa kerak. Siz ham, ushbu sahifani ko‘zdan kechirayotgan o‘quvchi, ana shu kishilar safiga qo‘shilishingiz mumkin. Buning qiyin tomoni yo‘q. Siri juda oddiy: hammasi miyangizda, munosabatlaringizda, ruhiyatingizda va, albatta, harakatingizda bo‘lsin!..
Agar siz millioner bo‘lishni astoydil xohlasangiz, albatta uddasidan chiqasiz. Buning uchun aql-idrokingizni boshqarishni o‘rganishingiz kerak. Millioner bo‘lish – hammasi aql-idrokingizda, miyangizda! Boylik haqidagi qandaydir uslublar, qurilmalar va qoidalar, bu borada, kamroq ahamiyat kasb etadi.
Oddiy ma’lumotlar – aktivlar, birja fondlari, pul oqimi, budjet va shu kabilarni unutish kerak aslida. Vaholanki, ayrim nazariyachilar, mutaxassislar, brokerlar va boshqa hokazo-hokazo ekspertlar buning teskarisini uqtirmoqchi bo‘ladi. Siz o‘zingizning kayfiyatingizni moslashtira olmas ekansiz, bularning birortasi ham naf bermaydi.
Quyidagi kitoblarni o‘qish mumkin: «Millionerning o‘ylari», «Lahzalik millioner», «Avtomatik millioner», «Sizning millioner qo‘shningiz», «Kichik millionerlardan biri» va hokazo... Ammo fakt faktligicha qoladi: rostdan ham hamma-hammasi aql-idrokingizda.
Quyida sizning millionerga aylanishingizga yordam berishi MUMKIN bo‘lgan 10 ta tavsiyani keltirib o‘tamiz:
1. Boylik pullarda emas.
Piter Linch shunday deydi: agar siz iqtisodiyotni o‘rganish uchun yiliga 15 daqiqa ajratsangiz, bu talab qilingan vaqtdan 10 daqiqa ko‘p demakdir. Rik Edelman o‘zining «Oddiy odamlar, noodatiy boylik» kitobi ustida ishlash jarayonida 5000 nafar millionerning hayoti va faoliyatini o‘rganib, ularning shaxsiy moliyasi uchun bir kunda o‘rtacha olti daqiqa vaqt ajratishlarini bilib oldi. Millionerlar bundan ko‘ra, boshqa qiziqarli yumush bilan band bo‘lishadi.
2. Ijobiylikni ko‘ra bilish.
«Aql-idrokning ijobiy ruhiyati orqali muvaffaqiyat» kitobida qurolli kuchlarning maxsus xodimi o‘zining 26 yillik mehnat tajribasiga tayanib shunday deydi:
«Yashashning barcha mezonlari bo‘yicha ta’lim olgan, biroq barchasiga salbiy munosabatda bo‘luvchi yigitingiz bo‘lsa va yashash haqida tushunchasi yo‘q, biroq bariga ijobiy qarovchi yigit ham bo‘lsa, men sizga kafolat berib aytamanki, ana shu ikkinchi yigit o‘rmondan tip-tirik chiqadi».
3. Boshqacha o‘ylash.
Jorj Stenli «Millionerning o‘ylari»da shunday so‘zlarni bitgan edi: «Ular boshqalar kabi o‘ylamaydilar... Bu shunga arziydi».
O‘zgalardan farq qilish boylikni barpo etadi. Bu esa ishning bosh mavzusini tashkil qiletadi: boshqalarga o‘xshamang, o‘z yo‘lingizni toping.
4. Yomon ko‘rgan ishingizni bajarishni bas qiling.
Ko‘plab odamlar pensiya ilinjida o‘zlari yomon ko‘rgan ishni ado etib, sokin umidsizlik qo‘ynida yashaydilar. Markus Bekinxem «Siz bilishingiz kerak bo‘lgan oddiy bir masala» kitobida alohida ta’kidlaganidek: o‘zingiz yomon ko‘radigan ishni aniqlang va uni amalga oshirishga nuqta qo‘ying.
5. Nimani sevsangiz, shuni ado eting.
Aksariyat kishilar aytgan quyidagi gaplarni eshitgan bo‘lsangiz kerak: «Baxtingizni kuzatib boring, o‘zingizga yoqqan ishni qiling, ana shunda pullar kela boshlaydi».
Quyidagi maslahatni ham hech qachon yodingizdan chiqarmang: «Agar siz ijodga limmo-lim odam bo‘lsangiz va qiziqishingizni tanlay olsangiz, mislsiz zafar qozonishingiz mumkin. Darhaqiqat, o‘zlari sevgan, o‘zlari qiziqqan ishni amalga oshirayotganlar – eng zo‘r millionerlardir».
6. «Haqiqiy Men»ni topish.
Aniq martaba-mavqe tanlanmagan har qanday ish odamni toliqtiradi. Siz ko‘proq samara beradigan, unumli natija olib keladigan insonsiz. Shunday ekan, haqiqiy «Men»ingiz bilan munosabatga kirishing. Insonning o‘ziga xoslikka aloqador, shunday mavzudagi kitoblarni mutolaa qiling.
7. «Men» atalmish OAJga sarmoya qo‘ying.
Korporatsiyada ishlash kerakmi?.. Ishbilarmon, tadbirkor bo‘ling. O‘z biznesingizni yarating. Robert Kiyosakining «Boy ota»sini o‘qib chiqing.
8. Zavq-shavq bilan yashang.
Nimagadir ishoning. O‘zingizning ovozingizni eshita biling. Bu nima?! Muhabbatmi, oilami, jaz, san’at, golf, baliq ovimi yoki? Nimaiki bo‘lmasin, bu – Siz! Va bu bebaho! Jozef Kempbell yozgan edi: «Agar siz baxtingizning izidan borsangiz, pullaringiz bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hamisha, hamma vaqt o‘z baxtingizga sazovor bo‘lasiz. Agar pullaringizning izidan borsangiz, siz ularni yo‘qotishingiz va hech vaqo olmasligingiz mumkin».
9. Bir lahza bilan yashang.
Oltmish yoshlar arafasidagi bir kishi pensiya haqida eshitsa, kula boshlaydi. U o‘zining navbatdagi mehnat ta’tili, yangi chang‘ilari haqida so‘z yuritadi. Bu odam ayoli bilan ajralgan, «sinish»ni boshdan kechirgan, salomatligida muammolar bor. Xuddi shuningdek, uning ajoyib biznesi, yaxshigina uyi va kattagina qarzi ham mavjud. Tavakkal ish qilsa-da, biroq u baxtli-taxtli, saodatli. Ko‘pchilikning xuddi shunday do‘sti bor, ya’ni bir lahza bilan yashaydilar. Ana shunday yashashni o‘rganing.
10. O‘zgaring!
Aksariyatimiz o‘z mitti olamimiz va kelajagimizga moslashgan bo‘lamiz. Millionerning orzusi kelajagini ko‘rib, o‘zining eng ajoyib dunyosini yaratishdir. Ular o‘zga kishilarga yordam qilishni yoqtiradilar. Qobig‘ingizdan chiqib va tanaffus qilib, hayotning asl mazmunini toping!
Millioner bo‘lish – hammasi idrokingizda! Agar siz to‘g‘ri munosabatni yo‘lga qo‘ysangiz, agar buni his qilsangiz, agar o‘zingizni millioner deb hisoblasangiz, siz o‘sha yerdasiz. Guldastlar yetkazilgan – demak, pullar o‘z-o‘zidan kela boshlaydi...
Akbar Fatxullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter