Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MB: Benzin, elektr energiyasi narxi va maoshlar oshishi hisobiga inflyasiya yuqori bo‘ldi

MB: Benzin, elektr energiyasi narxi va maoshlar oshishi hisobiga inflyasiya yuqori bo‘ldi

Iqtisodiyotda yuqori inflyasion bosim saqlanib qoldi.

Foto: «kabar.kg»

Markaziy bank o‘z saytida Pul-kredit siyosati sohasida 2017-yilning IV choragida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobotlar e’lon qildi.

2017 yilning IV choragida qat’iy pul-kredit siyosatining davom ettirilishi va monetar omillarning narxlar o‘sishiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarga qaramay iqtisodiyotda yuqori inflyasion bosim saqlanib qoldi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha hisoblangan inflyasiya darajasi 14,4 foizni, 2017-yilning IV choragida esa 6,1 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 15,9 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlariniki 16,1 foiz va xizmatlarniki 8,6 foiz oshdi.

Iste’mol narxlari indeksi tarkibida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘sish sur’atlarida oldingi yillarga nisbatan nomutanosib ravishda tezlashuv kuzatildi.

Xizmatlar narxlari va tariflari o‘sish sur’atlari 2017-yilning III va III choraklariga (2,4 va 3,1 foiz) nisbatan sekinlashib, IV chorakda 1,5 foizni tashkil etdi.

2017-yilning noyabr oyida benzin va elektr energiyasi narxlarining oshirilishi yilning IV choragida inflyasiya darajasi o‘sishiga ta’sir ko‘rsatgan omillardan bo‘ldi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, 2017 yilning dekabr oyida ish haqi va ijtimoiy to‘lovlar miqdori oshirilishi tufayli inflyasion kutilmalarning ortishi ham iqtisodiyotdagi iste’mol narxlari o‘zgarishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Iste’mol narxlari dinamikasining oylar bo‘yicha tahlili 2017 yil davomida inflyasiya darajasiga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o‘zgarishi eng ko‘p ta’sir etganligini ko‘rsatmoqda, deyiladi hisobotda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring