Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank: narx-navo pasaydi, milliy valyuta qadri oshdi

Markaziy bank: narx-navo pasaydi, milliy valyuta qadri oshdi

Foto: «Xabar.uz»

Respublika iste’mol bozorlaridagi narxlar o‘zgarishini aniqlash bo‘yicha Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda olib borilayotgan o‘rganishlar natijalari may oyining dastlabki to‘rt haftasida tanlangan tovar va xizmatlar guruhi bo‘yicha o‘rtacha narxlar 0,6 foizga pasayganini ko‘rsatdi. Bunda oziq-ovqat tovarlari 1,1 foizga va nooziq-ovqat tovarlari 0,9 foizga arzonlashgan bo‘lsa, xizmatlar 1 foizga qimmatlashdi.

Narxlarning o‘zgarishi asosan milliy valyuta qadrining oshishi, tashqi savdo sharoitlarining va raqobat muhitining yaxshilanishi, iste’mol bozoriga sabzavotlar yangi hosilining kirib kelishi kabi omillar ta’sirida shakllandi. Shuningdek, aholi va korxonalarning inflyasion kutilmalarining pasayishi ham narxlar tushishiga ta’sir etuvchi omillaridan bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Kuzatish davrida oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy o‘rtacha narxlarida pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, alohida mahsulot narxlari o‘zgarishi turli yo‘nalish kasb etdi. Xususan, pomidor, bodring va kartoshka yangi hosilining bozorlarga ko‘p miqdorda kirib kelishi, ushbu sabzavotlar narxlarining mos ravishda 63,8, 30,2 va 27,6 foizga arzonlashishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, sariyog‘ narxi 2,4 foizga va parranda go‘shti narxi 1,3 foizga pasaydi.


Eslatma

Qayd etish lozimki, yuqorida keltirilgan iste’mol tovar va xizmatlar narxlarining o‘zgarish dinamikasi iqtisodiyotdagi inflyasion jarayonlarni tahlil qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan olib boriladigan kuzatuvlarga asosan hisoblangan. Respublika bo‘yicha iste’mol narxlari indeksi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring