Markaziy bank naqd pul yetishmovchiligi yuzasidan bayonot berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda bankomatlardagi naqd pul yetishmayotgani bilan bog‘liq tarqalgan xabarlar yuzasidan Markaziy bank bayonot berdi.
Unda aytilishicha, joriy yilning mart oyi ikkinchi yarmidan boshlangan milliy valyuta – so‘mda naqd pulga bo‘lgan talabning keskin ortishi natijasida Markaziy bank tomonidan muomalaga mart oyida 1 trln. 119 mlrd. so‘m, aprel oyida – 6 trln. 343 mlrd. so‘m, may oyining o‘tgan 11 kunida 1 trln. 100 mlrd. so‘m qo‘shimcha naqd pullar chiqarilgan.
Jumladan, mart-aprel oylarida qo‘shimcha chiqarilgan naqd pullarning 8 trln. so‘mi aholining naqd chet el valyutasini milliy valyutaga ayirboshlashga bo‘lgan keskin oshgan talabini (ushbu 2 oylik talab odatdagi 11,1 trln. so‘mdan 19,3 trln. so‘mga yetgan), 4-4,5 trln. so‘mi bank kartalaridagi mablag‘larni naqdlashtirishga bo‘lgan qo‘shimcha talabni (17 trln. so‘mdan 22 trln. so‘mga yetgan) qondirishga yo‘naltirildi.
Mavsumiy iqtisodiy faollikning ortishi sababli 2021-yilning mart-may oylarida Markaziy bank tomonidan muomalaga qo‘shimcha ravishda 2,5 trln. so‘m naqd pul chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilning mart-aprel oylarining o‘zida (may oyini hisobga olmaganda) bu ko‘rsatkich 3 barobarga oshgan.
«Markaziy bank tomonidan joylardagi banklar filiallari va bankomatlarni naqd pul bilan ta’minlash borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda va aholining naqd pulga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun barcha imkoniyat va zaxiralari mavjud.
Yuzaga kelayotgan qisqa muddatli uzilishlar naqd pullarni joylarga yetkazib berish, ya’ni logistikasi va bankomatlarga joylashtirish bilan bog‘liq ekanligini hamda mazkur masala Markaziy bank tomonidan nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz» deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Xabar.uz ham hududlarda naqd pul yetishmovchiligi bo‘yicha materiallar e’lon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter