Kusherbayevning Markaziy bankka murojaatini Adliya vazirligi qoralab chiqdi (video)
Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev xorijiy valyutani dam olish kunlari banklar orqali almashtirishning imkoni yo‘qligini bildirib, Markaziy bankka murojaat qilgan. Bu holatni Adliya vazirligi keskin qoralab chiqqan.
Deputat Rasul Kusherbayev shanba kuni Yangiyo‘l shahrida bir soat davomida valyuta ayirboshlash shoxobchasini izlagani, biroq ularning barchasi yopiqligi sabab 50 AQSh dollarini “qora bozorda” almashtirishga majbur bo‘lganini aytgan, bu harakati bilan O‘zbekiston qonun va tartiblarini buzgani, o‘z harakati uchun javobgar bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Adliya vazirligining rasmiy saytida e’lon qilinmagan bayonotida «Hamkorbank» ATB Yangiyo‘l filiali tomonidan bildirilgan munosabat ham ilova qilingan. Unga ko‘ra, bank binosida joylashgan valyuta ayirboshlash shaxobchasi shanba kunlari xorijiy valyutani sotib olish xizmatini ko‘rsatiladi.
Lekin hanuzgacha ushbu murojaatga Markaziy bank biror reaksiya bildirganicha yo‘q.
Adliya vazirligi O‘zbekiston qonuni va prezident farmonidan moddalar keltirib, valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasiga muvofiq javobgarlik belgilanganini bildirgan.
Adliya vazirligi deputatning ushbu harakatini qattiq qoralagan. Xususan, O‘zbekiston hududida belgilangan yuqoridagi qoidalar va qonun talablari kimgadir qulayligi yoki qulay emasligi, yoqishi yoki yoqmasligi, uning fikridan, qarashlaridan va ijtimoiy maqomidan yoxud haftaning qaysi kuni ekanidan qat’i nazar bajarilishi majburiyligi eslatilgan.
«Deputat R.Kusherbayev tomonidan qonun bilan javobgarlik belgilab qo‘yilgan huquqbuzarlikni bila turib sodir etib, bu xatti-harakatini keng ommaga namoyishkorona ma’lum qilinishi jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi, noqulay paytda qonunlarni buzish mumkin, yoqmaydigan talablarga ko‘z yumsa bo‘ladi, javobgarlikdan qo‘rqmayman degan eng noto‘g‘ri va asossiz signalni jamiyatimizga yubordi», deyiladi bayonotda.
Shuningdek, vazirlikka ko‘ra, R.Kusherbayev o‘z vakolatlari doirasida masalani tizimli hal qilish maqsadida tegishli so‘rov bilan mutasaddi idoralarga murojaat etishi, vayuta sohasidagi qonunlarga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi ham mumkin edi.
Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida»gi Qonunning 3-moddasiga asosan deputat odob qoidalariga qat’iy rioya etishi lozimligi, deputatning o‘z maqomidan jamiyat va davlatning qonuniy manfaatlariga ziyon yetkazadigan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilgani ham eslatib o‘tilgan.
Deputat va vazirlikning ushbu kichik mojarosi jamoatchilik va blogerlarning e’tiboridan chetda qolmadi. Ko‘pchiligi deputatning harakatlarini qoralagan Adliya vazirligining o‘zini qoralab chiqdi.
«Deputat shu masalaga norozilik o‘laroq chiqish qilayotgan ekan, uning og‘ziga urish, qo‘lini qayirishni boshqalardan kutsam ham, adliyachilardan kutmagan edim... Yuqorida noto‘g‘ri qo‘llanayotgan ayrim qonun hujjatlari, aktlarning ayrimlarini eslatdim. Bunaqalari tiqilib yotibdi.
Vazirlik shu-uncha ishlar qolib, deputatga odob-axloq borasida ma’ruza qilishdan uyalishi kerak emasmi?! Markaziy bankka advokatlik qilganidan ko‘ra, dam olish kunlari ham valyuta ayriboshlash shahobchalari tashkil qilish ham mijozga, ham moliya muassasasiga foydali ekanini, buni qonunlar ta’qiqlamasligini tushuntirsa bo‘lmaydimi?
Kechirasiz, Adliya vazirligining qilni qirq yoradigan huquqshunoslari menga ikkiyuzlamachi, jamoatchilikni muammolardan chalg‘itishga urinmoqchi bo‘layotgan lo‘ttibozlardek tuyuldi», deb yozgan bloger Abdurahmon Tashanov.
«Repressiyalarni qonuniylashtirgan Stalin Konstitutsiyasi sovet xalqi bilan kelishilmagan. Yoki Nyurnberg irq cheklovlarini nemis xalqi muhokama etmagan. Ijtimoiy tarmoqlarni bloklash bo‘yicha peshtoqiga Parlament deb yozilgan organ yoki hukumat xalqdan mandat olmagan, ya’ni ijtimoiy bitim yo‘q o‘rtada.
Shunday ekan, insoniyat tarixidagi, yangi va eng yangi O‘zbekiston tarixidagi barcha yomon qonunlar bu ijtimoiy kelishuv bo‘lmagan qonunlar. Ular doim ziyon keltiradi. Yomon qonunlarning ziyonli ekanini aytish, bu haqida mulohaza yuritish bu — jasorat. Lekin Yomon qonunlarga amal qilmaslik yoki amal qilmaslikka chaqirish esa, afsuski, jinoyat deb tasniflanishi mumkin. Chunki huquq har doim ham moral emas. Moral esa har doim ham huquq emas», deb yozadi iqtisodchi bloger Otabek Bakirov.
«Legitimlikka binoan qonunlar adolat prinsiplariga asosan bo‘lishi lozim. Adolatlilik qonundagi eng birlamchi prinsip. Bunga misol qilib propiskani misol qilaylik. Bitta yurisdiksiya ichida fuqarolar uchun ikki xil maqomdagi xudud bo‘lishi legitim tartib emasdi.
Kusherbayev o‘zining postida dam olish kunlari valyuta ayirboshlash punktlari ishlamasligi natijasida hamma qora bozorda almashtirishga asos bo‘ladi deb aytgan. To‘g‘ri gapi. Bu jinoyatga, huquqbuzarlikka sharoit yaratuvchi kriminogen holat.
Qonunlar jamiyat xarakteridan kelib chiqqan, adolat mezonlariga mos bo‘lishi kerak. SSSR chayqovchilikni jinoyatga tenglashtirdi. Nima yutdi? Inson psixologiyasidan kelib chiqmagan, nolegitim norma bo‘lgani uchun chayqovchilik tugatilmadi. Shunchaki yashirin, podpolniy qiyofaga kirdi.
AQShdagi «quruq qonun» (suxoy zakon) ham xuddi shunday edi. Bu bilan ichkilik kamayib qolgani yo‘q. Yashirin ko‘rinishga o‘tgan. Deputatning nuqtai-nazarida ham aynan shu aks etgandi. Sabab qolib, oqibat bilan kurashmaslik kerak. Qonunlar, tartiblar legitim holatga kelishi kerak», deb munosabat bildirgan huquqshunos bloger Bahodir Ahmedov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter