Innovatsiya vazirligi ilmiy-texnik loyihalarni moliyalashtirishni boshladi
Innovatsion rivojlanish vazirligida Davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilishi 2019–2021-yillarga mo‘ljallangan amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov moliyalashtirishga tavsiya etilgan loyiha rahbarlariga sertifikatlarni topshirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
«Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining 2019 — 2021-yillardagi Innovatsion rivojlantirish strategiyasiga ko‘ra ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflanadigan davlat xarajatlarini ko‘paytirishni nazarda tutilgan. Bu xarajatlar o‘z navbatida yurtimiz taraqqiyotiga nafi tegadigan, aholi farovonligiga va xalqimiz turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladigan mahsulotlar, texnologiyalar ko‘rinishida davlatga foyda olib kelishi lozim. O‘z navbatida, ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishdan keladigan foyda olimlarning ham moliyaviy ahvoliga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusida ularning ilmiy izlanishlar bilan yanada chuqur shug‘ullanishlariga zamin yaratishi kerak», deyiladi xabarda.
Innovatsion rivojlanish vazirligi amaliy ilmiy-texnik loyihalar, innovatsion ishlanmalar hamda dolzarb tematik tadqiqotlar tanlovlarini e’lon qilgach, har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlovga kelib tushgan loyihalar vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengashlar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Topshirilgan loyihalardagi ma’lumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan vazifalarga mosligi, ijrochilarning ilmiy-texnik salohiyati, ijrochi tashkilotda moddiy-texnik baza mavjudligi va boshqa mezonlar o‘rganilib, tegishli qarorlar qabul qilinmoqda.
Ilmiy-texnik kengashlar xulosalari asosida moliyalashtirishga tavsiya etilgan ilmiy-texnik loyihalari 2019-yil 16-fevraldagi vazirlik Hay’atida ko‘rib chiqilib, moliyalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra farmakologiya, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, kimyo, texnika yo‘nalishlaridagi aniq maqsadga yo‘naltirilgan 6 ta loyiha moliyalashtirildi.
Mazkur 6 ta tadqiqot ishlari moliyalashtirishga loyiq deb topilgan ilk loyihalardir. Endilikda vazirlik muntazam ravishda moliyalashtiriladigan loyihalarni rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter