Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan maqolalarga «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati rasmiy муносабат билдирди
Angren shahrida barpo etilgan «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ faoliyati yuzasidan O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov tomonidan e’lon qilingan ma’lumot asosida ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan maqolalarga «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati munosabat bildiradi.
Germaniya, Gollandiya, Italiya, Yaponiya va Xitoy kabi xorijiy mamlakatlarning eng zamonaviy uskuna va jihozlari asosida xorijiy kreditlar hisobidan 2019 yilda ishga tushirilgan «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ yillik 3,0 mln. dona avtomobil shinalari, 200 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 100 ming pogon metr konveyer lentalarini ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, loyiha bo‘yicha korxona quvvatlarni o‘zlashtirish mahsulot sifatini ta’minlash maqsadida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
2019 yildan bugungi kunga qadar korxona tomonidan umumiy qiymati 266 mlrd. so‘m bo‘lgan 704,1 ming dona avtomobil shinalari, 16,9 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 72,9 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarildi.
Haqiqatdan, 2020 yilda ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish rejasi 40% o‘rniga 15%ni tashkil etdi. Buning asosiy sababi koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan cheklovlar oqibatida aksariyati xorijiy mamlakatlardan olib kelinadigan xom ashyo va materiallarning importi cheklandi, ishlab chiqarishda to‘xtalishlar yuzaga keldi, mahsulot sotuvi pasaydi va aylanma mablag‘larning tanqisligiga olib keldi. Shuningdek, Xitoyning LingLong kompaniyasi bilan General Motors korporatsiyasi talablari asosida mahsulotlarni va korxonani omologatsiyadan o‘tkazish uchun texnik ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolash muddatining orqaga surilishiga olib keldi.
Natijada 2020 yil noyabr oyiga kelibgina Linglong kompaniyasi va milliy «Bars» brendi ostida shina ishlab chiqaruvchi «Birinchi rezinotexnika zavodi» MChJ o‘rtasida korxona va mahsulotlarni General Motors korporatsiyasi talablariga muvofiq sertifikatlashda texnik ko‘mak berish va omolagatsiya bo‘yicha ishlarni amalga oshirish bo‘yicha 4 yil muddatli shartnoma imzolandi.
Ushbu shartnoma avtomobil shinalari sifati va korxonaning tizimli faoliyati bo‘yicha 30 qismdan iborat AQShning General Motors korporatsiyasi tomonidan o‘rnatilgan BIQS talablari asosida «UzautoMotors» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun shinilar yetkazib berishni ta’minlaydi.
Hozirda korxona Xitoyning LingLong kompaniyasining texnik ko‘magi ostida mazkur talablarni bajarish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetish arafasida turibdi va joriy yilning sentyabridan boshlab Damas avtomobillari uchun yil yakuniga qadar 60 ming dona avtomobil shinalarini yetkazib beriladi. 2023 yilga kelib esa «UzautoMotors» AJga 7 turdagi 37,4 mln. dollar qiymatidagi 1,2 mln. dona avtomobil shinalari yetkazib berish rejalashtirilgan.
2021 yilda korxona tomonidan umumiy qiymati 538,6 mlrd. so‘m bo‘lgan 1,6 mln. dona avtomobil shinalari, 30 ming dona qishloq xo‘jaligi shinalari va 73,5 ming pogon metr konveyer lentalari ishlab chiqarilishi va shu bilan birgalikda jami 47 turdagi yangi turdagi xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarishga o‘zlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zlashtirish rejasi 40%ga yetkaziladi.
2021 yilda qiymati 581 ming dollarlik mahsulotlar eksporti rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda AVTOVAZ (Rossiya Federatsiyasi) kompaniyasidan 10 ming dona va Giant Motors (Azarbayjon) kompaniyasidan 76 ming dona avtomobil shinalari uchun buyurtma kelib tushgan.
Shu o‘rinda mahsulotlarning sifati to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsak.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlarning sifati kafolatlangan bo‘lib, ushbu mahsulotlar o‘rnatilgan tartibda sertifikatlashtirilgan. Korxonada xom-ashyo va materiallarning qabul qilinishidan boshlab, ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida mahsulotlarning sifati xalqaro standartlar (ASTM, ISO va GOST) talablari asosida qat’iy nazoratga olingan. Tayyor mahsulotlarning barchasi eng zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan xalqaro ISO 17025 standarti talablari asosida akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyasida tegishli sinovlardan o‘tkazilgandan so‘ng sotuvga chiqariladi.
Shuningdek, korxonada ISO 9001, IATF 16949, ECE 30, ECE 54, ECE 106, ECE 117 xalqaro standartlar talablari to‘liq joriy qilingan.
Korxonada ishlab chiqarilayotgan avtomobil shinalari respublika hududiga import qilinayotgan aksariyat mahsulotlardan sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori bo‘la turib, narx jihatidan ularga nisbatan arzon. Misol uchun, «Bars» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan ommabop 195/60R15 o‘lchamli avtomobil shinasi narxi 31 dollarni tashkil etsa, huddi shunday o‘lchamli va sifat ko‘rsatkichli Koreyada ishlab chiqarilganlari 45 dollar, Yevropa mamlakatlarida ishlab chiqarilganlari 35-45 dollar, Rossiyada ishlab chiqarilganlari 33 dollar va sifat ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Xitoyniki 32 dollarni tashkil etadi.
Bugungi kunda korxona 837 nafar mahalliy aholini doimiy ish bilan ta’minladi, 35 mlrd. so‘m miqdorida davlat budjetiga soliq to‘ladi, sanoat tarmoqlari ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan birgina konveyer lentalar importini 10 mln. dollarga qisqartirishga erishdi hamda eksport hisobidan 288,6 ming dollar valyuta tushumi ta’minlandi. Davlat kafilligi asosida olingan kredit mablag‘lari ham o‘z vaqtida to‘lab borilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, nafaqat respublikada, balki O‘rta Osiyoda hududida yagona bo‘lgan ushbu korxona faoliyati va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida korxonaning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi va yaratilgan milliy mahsulot brendiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, mahsulotlarning sifati bilan bog‘liq tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqatishdan avval ushbu korxonaga tashrif buyurgan holda ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati va amalga oshirilayotgan boshqa ishlar bilan bevosita tanishish tavsiya etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter