Endi kafelar tunu kun ishlashi mumkin, faqat...
Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’yektlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Hukumat qarori (624-son, 24.07.2019-y.) qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2019-yil 15-oktyabrdan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari va ko‘ngilochar ob’yektlar quyidagi talablar bajarilganda tunu kun faoliyat yuritishi mumkin:
- ko‘rsatilgan ob’yektlarning ichki qismiga, shu jumladan, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish joylariga tasvirni kamida o‘ttiz kun davomida saqlash imkoni bo‘lgan videokuzatuv tizimini o‘rnatish;
- binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va boshqa tegishli hududni yetarli darajada (kamida 10 metr masofada) yoritish;
- binoda shovqin me’yorlariga qo‘yilgan talablarga amal qilish yoki tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asboblardan foydalanmaslik;
- yong‘in o‘chirish vositalari va tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;
- hamma uchun ko‘rinarli joylarga evakuatsiya chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari haqida ma’lumotlar o‘rnatish.
Ko‘rsatilgan ob’yektlar rahbari mazkur talablar bajarilgani haqida hududiy ichki ishlar organlariga ma’lumot taqdim etadi.
Talablarga rioya etmagan holda tungi vaqtda faoliyat yuritish taqiqlanadi hamda tegishli tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Talablar doirasida tunda ishlovchi mazkur ob’yektlar faoliyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan aralashish taqiqlanadi.
Ushbu ob’yektlar tomonidan qaror talablari buzilsa yoki jamoatchilik tomonidan muntazam shikoyatlar tushsa tegishli hokimliklar tomonidan ularning tungi vaqtda faoliyat yuritish huquqi bekor qilinishi mumkin.
Tungi vaqtda faoliyat yurituvchi bunday ob’yektlar joylashgan yo‘nalishlarda patrul guruhlari tomonidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.
Ushbu qaror rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter