Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dollar, yostiq tagida yotgan so‘m va pinhona jamg‘armalar

Dollar, yostiq tagida yotgan so‘m va pinhona jamg‘armalar

Foto: «Xabar.uz»

Inflyasiyani yengish uchun bir deputat aytganidek dollardan voz kechish kerakmi yoki yostiq tagida yotgan so‘m, pinhona jamg‘armalarni yuzaga chiqarish muhimroqmi?

Pul muomalasi borasida (boshqa masalalarda ham), albatta har qanday fikrni bir bora eshitib ko‘rish kerak. Pul muomalasi sohasida Markaziy bank mas’ul davlat organi sifatida ijtimoiy fikrni o‘rganishi va uning real mantiqiy asosga ega bo‘lganlarini amaliyotga joriy etishini davr talab etadi.

Shu bilan birga, pul muomalasi borasida o‘ta yuzaki tasavvurlar, qarashlar, gaplar, keragidan ham juda ortiqligini e’tirof etib o‘tishimiz lozim.

Yaqingina o‘tmishimizda naqd pul emissiyasi jarayoni bilan inflyasiyani uzviy bog‘liq, degan dunyoqarash hukmron edi va eng achinarlisi, bu shu ishlarni amalga oshirayotgan mas’ullarning butun fikrlash doirasini o‘rab-chirmab olgandi. Natijada plastikdagi pul 30 foizgacha ustamada naqdlashar edi.

Oxirgi amalga oshirilgan pul muomalasi sohasidagi islohotlar natijasida pul tizimi sog‘lomlashdi. Odamlar hozir plastikdagi pulini naqdlashtirishda, hattoki bankning xizmati uchun lozim bo‘lgan 1 foizini ham og‘rinib to‘layaptilar. Ammo, shu bilan birga, inflyasiya jarayoni ham to‘xtamayapti. Narxlar osmonda! Ayniqsa, xorij bilan bog‘liq sohalarning mahsulotlari, xizmatlari o‘ta beqaror. Xalqaro munosabatlardagi hisob-kitob valyutasi, ya’ni dollar kursi juda o‘zgaruvchan. Nega?

«Adolat» sotsial demokratik partiyasidan saylangan Oliy Majlis deputati Yormamat Xoliyarov «bu baloni daf etish uchun» har bir davlat xalqaro munosabatlarda o‘z milliy valyutasi bilan hisob-kitob qilishga o‘tishi lozimligini bildirgan.

Bu ham fikr!

Aytaylik, tojikistonlik hamkor bizdan mahsulot sotib olishda shartnomani tojik somoniysida belgiladi va bizga pulni o‘tkazib berdi. O‘zbek ta’minotchisi hisob raqamida tojik somoniysida pul paydo bo‘ldi. U Tojikistondan narsa olmaydi. Uning asosiy ta’minotchilari Malayziya yoki Vetnam. Ular rozi bo‘larmikinlar o‘zbek iste’molchisidan tojik somoniysini olishga?!

Bu xuddi pul bo‘lmagan davrda terini tuzga, tuzni boltaga, boltani o‘tinga, o‘tinni esa go‘shtga almashtirish kabi umumiy ekvivalent mavjud emas holatga olib kelmaydimi?

Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda yagona hisob-kitob birligi mavjud emasligi xalqaro munosabatlarni umuman to‘xtab qolishiga olib kelmasmikin?

Bretton Vudsdagi kelishuvda, albatta, AQSh o‘z manfaatlarini ro‘yobga chiqargan. Keyinchalik, Yamay valyuta tizimida ham (AQSh dollari, funt sterling, shveysar franki, yapon iyenasi va yevro) AQSh o‘z milliy valyutasini xalqaro iqtisodiy munosabatlarda etalon bo‘lishiga erishgan. Ammo bu bilan u gegemon davlatga aylangani yo‘q. Uning gegemon davlatga aylanishiga, avvalambor, inson omili – mutaxassislar va nou-xau texnologiyalar xizmat qilgan va albatta siyosiy sohadagi nisbiy bo‘lsa-da, demokratik tamoyillarning mavjudligi va ularga rioya qilinishining ham o‘rni bor.

Biz o‘z milliy iqtisodiyotimiz uchun bu xalqaro miqyosdagi gegemonlikka qarshi tura olishimiz, kurs o‘zgarishlarining salbiy ta’sirini kamaytirishimiz va albatta ularga qaramlikni yo‘qotishimiz uchun nimadir qilishimiz kerak.

Yormamat Xoliyorovning fikriga qo‘shilsak, «burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydiramiz» va tayinki, ko‘rpasiz qolamiz. Vaholanki, biz «ko‘rpamizni burga uchun noqulay yashash maskaniga aylantirishimiz lozim» toki u o‘zini bu yerda xo‘jayin seza olmasin.

Buning uchun kuchli (raqobatbardosh) iqtisodiyot, kuchli (raqobatbardosh) pul tizimi, kuchli (raqobatbardosh) mutaxassislarga ega bo‘lishimiz kerak.

Hozircha fikr berishimiz bilan hammani charchatmaslik uchun birgina kuchli pul tizimi tushunchasiga ozgina izoh bersak.

Pul tizimi sezilarli sog‘lomlashdi. Uning naqd, naqdsiz unsurlari o‘rtasidagi farqlar ancha yo‘qoldi.

Ammo, inflyasiya to‘xtamayapti. Bunga sabab Markaziy bank g‘arb iqtisodchilarining nazariyasiga asoslanib «qimmat pul» siyosatini yuritayapti. Moliyalashtirish stavkalarini ko‘tarib, kreditlar uchun foizlarni o‘stirib yubordi. Inflyasiyaning esa negizida aynan asossiz pulni pulga chaqishtirish va foiz olish yotadi. Narxni ko‘tarsak, kreditga ehtiyoj kamayadi, degan xomxayol ro‘yobga chiqmayapti. Aksincha kredit oluvchilar ko‘payib bankning yuqori foizlarini narxni ko‘tarish hisobiga qoplashga harakat qilishyapti. Mana sizga natija.

Bizga shunaqa nazariyani singdira olgan g‘arb iqtisodchilari o‘zlarida foizlar olishga asoslangan banklar bilan birgalikda foydaga sherik sifatida ishlovchi investitsion fondlar faoliyatini ham keng rivojlantirganlar. Nega?

Sababi erkinlik va raqobat kerak! Pul tizimida asossiz narx o‘sishining oldini olish uchun unga raqobat kerak.

Bu birgina omil. Yana narx o‘sishiga ta’sir ko‘rsatayotgan soliq unsurlarini ham ko‘rib chiqish zarur. QQS — bu inflyasiyaning yana bir o‘zagi. U naqd va naqdsiz pul o‘rtasidagi farqni yo‘qotishga xizmat qiladi, ammo shu bilan birga narx o‘sishiga ham asos bo‘ladi. Pul tizimini barqarorlashtirish, uning xarid quvvatini oshirish bo‘yicha boshqa omillarni ham o‘rganish va qadam-baqadam ularni amaliyotga «tozalab», filtrlab joriy etib borish zarur.

Milliy valyutamiz – so‘m, iqtisodiyotdagi asosiy qurolimizdir. So‘mning barqarorligi uchun uning yaxlitligi, birligi muhim. Ovga chiqayotgan ibtidoiy jamoa davridagi ovchilar guruhini eslang. Ular qurollanib, birlashib ish ko‘rishsagina natijaga erisha olganlar.

Xulosa qilib shuni aytamizki, anavi 3 ta «kuch»ga erishishimiz uchun kimningdir yostig‘ini tagida yotgan so‘m, pinhona jamg‘armalar joyidan chiqib, kimningdir biznesi uchun sherikchilik asosida ish bera boshlashi kerak.

Monopolist banklarimiz bu pullarni yostiqning tagidan chiqarib ololmaydi. Ularning monopol holati, diniy qadriyatlar va oxirgi yillarda o‘zlari shakllantirgan «imidj»lari va inflyasiya bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Kuchli mutaxassislar kuchli pul tizimini shakllantiradilar, bu esa kuchli iqtisodiyotga asos bo‘ladi. Keyin bu yana mutaxassislarni tayyorlaydi va shu tarzda takomillashish ketishi kerak.

Ana shunday kuchlar umumiy ekvivalent bo‘lgan dollarning milliy iqtisodiyotimizga oqib kelishini ta’minlaydi.

Hamma muammo shu kuchlarni shakllantirib olishda!

 Samidullo Mahmudov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring