Davlatlar oltin valyuta zaxiralarini nima uchun to‘playdi?
Yaqinda O‘zbekiston Markaziy bankining ochiqlangan ma’lumotlarida davlatimiz 26 milliard dollar qiymatdagi oltin-valyuta zaxiralariga ega ekanligi ma’lum qilindi. Xo‘sh, bu boylik nima uchun to‘plangan, umuman davlatlar qanday maqsadlarni ko‘zlab oltin-valyuta zaxiralarini shakllantiradilar?
O‘zini hurmat qilgan, ehtiyot choralarini ko‘rgan har qanday inson, oila ertangi kunini o‘ylaydi. Davlatni ham yirik bir oilaga qiyoslash mumkin. Kelajakni rejalashtirgan davlatlar albatta o‘z oltin-valyuta zaxiralarini saqlashni va ko‘paytirib borishni mo‘ljallaydilar.
Davlatlarning oltin-valyuta zaxiralari asosan xorijiy valyuta (AQSh dollari, Yevro, yapon iyenasi, Angliya funt sterlingi), qimmatbaho unsurlar (oltin, olmos, platina), maxsus obligatsiyalar va Xalqaro valyuta jamg‘armasiga kiritilgan mablag‘lar orqali shakllantiriladi hamda kuchli nazorat ostida saqlanadi.
Bu shakldagi boyliklar to‘planishining o‘ziga xos sabablari bor: sanab o‘tilgan valyutalar dunyoning barcha davlatlarida qabul qilinadi, oltin kabi qimmatbaho metallar odatda o‘z qiymatini yo‘qotmaydi va ularni zudlik bilan sotish mumkin, xaridorgir obligatsiyalar esa oz bo‘lsa-da, foyda keltirib turadi.
Oltin-valyuta zaxiralarini saqlashdan bir necha maqsad ko‘zlanadi:
- Milliy valyuta kursini keskin tushib ketishdan asrash;
- Kutilmagan vaziyatlarda (harbiy harakatlar, xalqaro iqtisodiy inqiroz, embargo, eksportning keskin tushib ketishi) iqtisodni qo‘llab-quvvatlash;
- Byudjetdagi kamchiliklarni to‘ldirish, har qanday holatda ham ijtimoiy himoyani saqlab qolish;
- Imkoniyat bo‘lganda foyda olish.
Oltin-valyuta zaxiralari bo‘yicha yetakchi davlatlar ro‘yxati bir necha yillardan buyon o‘zgarmay kelmoqda. Yaqqol yetakchi bo‘lgan AQSh so‘nggi yillarda oltin zaxiralarini sarflamay (shuningdek ko‘paytirmay) bir xil miqdorda saqlab kelayapti (8133 tonna). Holbuki o‘tgan asrning elliginchi yillarida AQShning oltin zaxirasi 20 ming tonnadan ham ortib ketgandi (20663 tonna).
Yetakchi davlatlarning valyuta zaxiralari
(2017 yil XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, mlrd. doll.)
1 | Xitoy | 3345 |
2 | Yaponiya | 1318 |
3 | Shveysariya | 765 |
4 | Saudiya Arabistoni | 514 |
5 | Tayvan (Xitoy tasarrufida) | 433 |
6 | Honkong (Xitoy tasarrufida) | 430 |
7 | Rossiya | 405 |
8 | Koreya Respublikasi | 376 |
9 | Braziliya | 376 |
10 | Hindiston | 375 |
11 | Singapur | 264 |
12 | Germaniya | 197 |
Eng ko‘p oltin zaxiralariga ega davlatlar o‘nligi
(2017)
№ | Davlat | Tonna oltin |
1 | AQSh | 8133,5 |
2 | Germaniya | 3373 |
3 | Italiya | 2451,8 |
4 | Fransiya | 2435,6 |
5 | Xitoy | 1842,6 |
6 | Rossiya | 1778,9 |
7 | Shveysariya | 1040 |
8 | Yaponiya | 765,2 |
9 | Niderlandiya | 612,5 |
10 | Hindiston | 557,8 |
Qiziqarli faktlar:
- AQSh oltin-valyuta zaxiralarining 75 foizini oltin shaklida saqlaydi;
- Italiyaning oltin zaxiralari miqdori 1999 yildan buyon o‘zgarmasdan kelmoqda;
- Xitoy oltin-valyuta zaxiralarining 2 foizigina oltindan iborat;
- Rossiya so‘nggi bir yil ichida o‘z oltini miqdorini 200 tonnaga oshira bildi;
- Shveysariya aholi soniga nisbatan o‘z oltin zaxirasi (1040 tonna)ning miqdori bo‘yicha mutlaq yetakchi hisoblanadi. Bu davlatning har bir fuqarosiga davlatning 140 gramm oltini to‘g‘ri keladi;
- Yaponiyaning oltin zaxirasi ham 16 yildan buyon o‘zgarmas miqdorda saqlanmoqda va bu zaxira umumiy boylikning 2,3 foizinigina tashkil qiladi;
- Hindiston 557,8 tonna oltin zaxirasi bilan o‘nlikni yakunlagan bo‘lsada, aholisi tomonidan oltin xarid qilish ko‘rsatkichlari bo‘yicha so‘nggi yillarning mutlaq yetakchisi hisoblanadi.
Abror Zohidov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter