Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bugun davlat moliyasi qanday boshqarilyapti?

Bugun davlat moliyasi qanday boshqarilyapti?

Endilikda davlat moliyasini boshqarish axborot tizimining ko‘plab Vazirlik va idoralar axborot tizimlariga integratsiya qilinishi ortidan Davlat budjetiga tushadigan har kunlik tushumlarni nazorat qilish imkoniyati mavjud.

«Qulay hayot» loyihasining navbatdagi sonida Moliya vazirligi huzuridagi Axborot texnologiyalari markazi bo‘lim boshlig‘i Hasanov To‘lqin Ahmatovich hamda Markaz xodimlari bilan sohada raqamlashtirish jarayonlari qanday kechayotgani, oldinga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, erishilgan yutuqlar hamda e’tiborga molik loyihalar to‘g‘risida suhbatlashdik.

 Raqamlashgan moliya tizimi deganda nimani tushunamiz?

Moliya vazirligi tomonidan davlat budjeti mablag‘larini moliyalashtirishda har bir bosqichni nazorat qilish uchun barcha jarayonlar raqamlashtirilmoqda. Hozirgi kunda budjet tashkilotlari va budjetdan mablag‘ oluvchilar sarflangan mablag‘lar bo‘yicha hisobotni avtomatlashtirilgan tarzda topshiradi.

Moliya tizimidagi barcha raqamlashtirish amaliyotlari Moliya vazirligi qoshidagi Axborot texnologiyalari markazi davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

Endilikda axborot tizimlari orqali Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘larning o‘z vaqtida va maqsadli sarflanishini kuzatib borish hamda tezkor axborotga ega bo‘lish mumkin.

 Sohada joriy etilgan loyihalarning eng yetakchilari

Moliya vazirligi tizimida raqamlashtirish bilan bog‘liq «Ochiq-budjet», «Ijtimoiy himoya Yagona reestri», «UzASBO», «DMBAT», «Gazna resurs», «Subsidiya», «E-nazorat» va «HR.MF» singari asosiy loyihalar amalga oshirildi.

Bular ichida eng yetakchilari «Ochiq-budjet», «Ijtimoiy himoya Yagona reestri» fuqarolar og‘irini yengil qilayotgan bo‘lsa, «HR.MF» va «UzASBO» loyihalari vazirlik va idoralarning buxgalteriya va kadrlar bo‘limi xodimlari uchun juda qulaylik yaratdi.

Raqamlashtirishgacha tartib qanday edi?

Moliya vazirligi tizimida ham raqamlashtirishgacha bo‘lgan davrda barcha jarayonlar qog‘oz ko‘rinishida yuritilgan. Hujjatlar tashkilot rahbari tomonidan imzo va muhrlangan holda moliyalashtirish uchun moliya organlariga taqdim etilgan. Raqamlashtirish esa vaqt qisqarishi va mablag‘ tejalishiga olib keldi.

Birgina «Ijtimoiy himoya Yagona reestri» misolida keltiradigan bo‘lsak, oldinlari aholi moddiy yordam olish uchun mahalla fuqarolar yig‘ini raisi nomiga ariza yozgan holda oilasi to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar va hujjatlarni taqdim etishi kerak bo‘lardi. Keyin mahalla raisi qabul qilingan arizalarni jamlagan holda har oyning oxirida ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqib, eng muhtojlarga moddiy yordam berish bo‘yicha yig‘ilish bayonnomasi rasmiylashtirardi. Shundan so‘ng ushbu bayonnoma asosida fuqarolarga moddiy yordam berish bo‘yicha moliya organiga so‘rovnoma yuborilardi. Moliya organlari ushbu so‘rovnomani moliyalashtirish uchun g‘aznachilik organi orqali tijorat bankiga yuborardi va bank tomonidan fuqaroga ochilgan plastik kartaga pul o‘tkazib berilardi...

Endi hammasi elektronlashdi

Aholi hayoti faravonligi va qulayligi yo‘lida joriy etilgan «Ijtimoiy himoya Yagona reestri» axborot tizimi to‘liq elektronlashtirilgan. Hozirgi kunda fuqaro ushbu xizmatdan uyidan chiqmagan holda foydalanishi mumkin. Ya’ni my.gov.uz – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal orqali moddiy yordam olish uchun elektron ariza yuboradi. Ushbu ariza ma’lumotlari 1 kun ichida to‘liq vazirlik va idoralarning axborot tizimlari yordamida tekshiriladi hamda fuqaroga natijasi bo‘yicha javob beriladi. Fuqaro ijobiy javob olgach, tegishli tijorat bankdagi plastik kartasiga pul mablag‘lari belgilangan muddatgacha har oy o‘tkazib turiladi. Shuningdek, salbiy javob kelganida, aniq sabablari ko‘rsatilib, kamchiliklar bartaraf etilgach, qayta topshirish imkoniyati ham yaratilgan.

Moliya vazirligi tizimida raqamlashtirish jarayonlari qanday kechayotgani haqidagi batafsil ma’lumot bilan video orqali tanishishingiz mumkin.

 Shohida Isroilova,

Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi
axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring