Bir qator idoralarning budjet bo‘yicha vakolatlari kengaytirildi
Budjet kodeksiga va «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunga tegishli tuzatishlar kiritildi, deb xabar bermoqda «Norma».
Quyidagi organlar hamda budjet bo‘yicha ularga beriladigan qo‘shimcha vakolatlari to‘g‘risida so‘z bormoqda:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda shaharlar va tumanlar Kengashlari:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti hamda tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlarining prognozlarini ma’lumot uchun qabul qiladi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasining budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
- tegishli budjetlardan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning budjet mablag‘laridan samarali foydalanilishi hamda erishilgan natijalar to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda tumanlar va shaharlar Kengashlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga budjet so‘rovini tuzish uchun ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini ko‘rib chiqadilar hamda tasdiqlaydilar;
v) Moliya vazirligi:
- o‘rta muddatli budjetni tayyorlash jarayonini ikki bosqichda (tuzish va tayyorlash) amalga oshirish bo‘yicha yagona uslubiy qo‘llanmalar to‘plamini (sirkulyarni), shuningdek Davlat budjetini shakllantirishda budjetdan ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini yetkazish hamda qayta ko‘rib chiqish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
- birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan kundan e’tiboran bir oylik muddatda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun respublika budjetidan ajratiladigan tasdiqlangan mablag‘lar doirasida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning takliflari asosida ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun tasdiqlangan budjetdan ajratiladigan mablag‘larga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga ma’qullash uchun kiritadi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mahalliy budjetlarning loyihalarini tayyorlash bo‘yicha tavsiyalar yuboradi.
Qonun «Xalq so‘zi» gazetasida chop etilgan va 31.12.2020 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter