Bevosita Bosh vazir va Prezidentga bo‘ysunadigan agentlik tashkil etildi va unga direktor tayinlandi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, Davlat raqobat qo‘mitasi hamda «Davlat aktivlarini boshqarish markazi» DUKning barcha huquqlari va majburiyatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.
Agentlik o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda olib boradi hamda o‘z faoliyatida bevosita Bosh vazir va Prezidentga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
Agentlik direktori, uning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari Bosh vazir taqdimnomasiga asosan Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, maqomi, tibbiy va transport xizmat ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishli ravishda vazir, vazirning birinchi o‘rinbosari va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
2019-yil 1-apreldan xo‘jalik jamiyatlarining kuzatuv kengashi tarkibi va ijroiya organi a’zolarini normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlash bekor qilinadi.
Xo‘jalik jamiyatlari kuzatuv kengashi tarkibi davlat organlari bilan kelishilmasdan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorligiga Jo‘rayev Nodir Savriddinovich tayinlandi.
Nodir Jo‘rayev Toshkent Davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini Adliya vazirligi katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan Nodir Jo‘rayev o‘zining ishchanlik xususiyatlarini va fidoyiligini namoyon etib, adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter