Avtomobillarda gaz ballonlardan foydalanish taqiqlanadimi?
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlar taqiqlanishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zA muxbiri ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasi matbuot xizmati kotibi Olimjon Jo‘rayevning fikrlari bilan qiziqdi.
– Tadbirkorlar tomonidan yurtimizga ko‘p yillar davomida chet mamlakatlardan avtomobillarga mo‘ljallangan turli gaz ballon va uskunalari olib kelingan, – deydi O.Jo‘rayev. – Jumladan, Xitoydan usti kompozit qoplamali, xalqona aytganda skotchli ballonlar keltirilgan. Ochig‘ini aytish kerak, mamlakatimizda avval bunday ballonlarni tekshirish va sinash standartlari mavjud emas edi. Shu bois, bu ballonlarga ularni ishlab chiqargan zavodlardan olingan sinov natijasi asosida sertifikatlar berilgan.
Keyinchalik bunday ballonlardan foydalanishda noxush hodisalar ro‘y bera boshladi. Ma’lumotlarga qaraganda, o‘tgan vaqt davomida 55 kompozit qoplamali gaz ballonining portlashi natijasida 23 fuqaro tan jarohati olgan, 41 yurtdoshimiz halok bo‘lgan. Afsuski, bu kabi ayanchli hodisalarni ko‘ra-bila turib ham yurtdoshlarimiz hamon bunday ballonlardan foydalanib kelmoqda. Yaqinda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida ana shunday ballon portlashi natijasida 2 (ulardan biri yosh bola) yo‘lovchi nobud bo‘ldi, 6 fuqaro jarohatlandi.
Bunday hodisalarga mustahkamlik darajasi past bo‘lgan kompozit qoplamali gaz ballonlar, ballonlarga ortiqcha bosimda gaz quyish, metall gaz ballonlarini navbatdagi texnik sinovdan o‘tkazmaslik yoki o‘tkazilgan, deb qalbaki dalolatnoma rasmiylashtirishlar sabab bo‘lmoqda.
Tegishli idoralar mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, kompozit qoplamali ballonlar metall qismining sifati va qalinligi talabga javob bermaydi.
Shularni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktyabrdagi «Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichli o‘tkazish hamda ularda gaz ballon asbob-uskunalarini xavfsiz ishlatishni ta’minlash qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda 2018-yilning 1-fevralidan e’tiboran avtomobillarda kompozit qoplamali gaz ballonlardan foydalanish taqiqlanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter