«1-iyundan bozor narxlariga o‘tamiz» — Shavkat Mirziyoyev
Yig‘ilishda o‘tgan yilda respublika bo‘yicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgani, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgani ko‘rsatib o‘tildi.
«Lekin, bugungi kunda «O‘zdonmahsulot» kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyormi? Afsuski, bu savolga javob ijobiy emas.
Shu paytgacha kompaniya tarkibidagi don korxonalari fermerlardan tayyor bug‘doyni qabul qilib, uni qayta ishlash bilan shug‘ullanib kelgan.
Oqibatda, ularning un ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi o‘rtacha 60 foizdan oshmaydi», deya tanqid qildi Prezident.
Davlat don korxonalarining tegirmon xarajatlari xususiy sektorga nisbatan 20-25 foizga yuqori, rentabellik esa 2 baravar kam.
Ishlar samarasiz yo‘lga qo‘yilgani oqibatida «O‘zdonmahsulot» korxonalari ning Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi oldidagi qarzi 1,8 trln so‘mni tashkil etib, shundan 1,1 trln so‘mi umidsiz qarz hisoblanadi.
Eng achinarlisi, davlat don korxonalarida talon-toroj qilish holatlariga haligacha barham berilmagan.
«Bir so‘z bilan aytganda, davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim don yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchi korxonalarga ham manfaat bermayapti.
Shu bois, qishloq xo‘jaligi islohotlarini boshlagan davrimizda don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy g‘alla bozorini yaratishni bundan uch yil oldin e’lon qilgan edik.
Bugun xalqimiz, fermer-dehqonlarimiz anchadan buyon kutgan ushbu islohotlarimizning yangi bosqichini boshlaymiz. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, 1-iyundan boshlab g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tamiz.
Shuningdek, fermer va klasterlar o‘zlari yetishtirgan g‘allasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratiladi», dedi Prezident.
Bunda, eng avvalo, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bug‘doy narxi o‘tgan yildagi 1 million 550 ming so‘mdan joriy yil hosili uchun 3 million so‘mga, ya’ni 2 baravarga oshirilishi ma’lum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter