Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elektron hukumatlar reytingi: tepaga ko‘tarilish uchun o‘sishning o‘zi yetarli emas — tezlashish kerak (infografika)

Elektron hukumatlar reytingi: tepaga ko‘tarilish uchun o‘sishning o‘zi yetarli emas — tezlashish kerak (infografika)

Foto: «Xabar.uz»

Birlashgan Millatlar Tashkilotining elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha 2020-yildagi reytingida (EGDI) eng yuqori uch o‘rinni Daniya, Janubiy Koreya va Estoniya band etgandi.

Ma’lumot uchun: Mamlakatlar elektron hukumatlarini tadqiq etish BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti tomonidan 2001 yilda boshlangan. Bu kuzatuvlardan maqsad Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi (EHTI) yordamida BMTga a’zo mamlakatlarda elektron hukumat borasidagi rivojlanishlarni kuzatib borishdir.

Elektron hukumat taraqqiyoti indeksi — elektron hukumat nuqtai nazaridan tasniflash vositasidir. Indeks onlayn xizmatlar qamrovi va soni, telekommunikatsiyalar infratuzilmasi holati va inson salohiyati kabi uch asosga qurilgan.

EGDI indeksi har ikki yilda yangilab boriladi.

Grafikadan ko‘rinib turibdiki, top-10 ga kirgan mamlakatlar iqtisodiyoti yuqori taraqqiy etgan va asosan Yevropa mamlakatlari. So‘nggi uch reyting solishtirilganda, birinchi navbatda ko‘zga tashlanadigani, oxirgi yillarda yetakchi bo‘lib kelgan Buyuk Britaniya va Daniya o‘zaro o‘rin almashishi. Bu jarayon Britaniya elektron hukumatni rivojlantirishda oqsashni boshlaganini emas, balki Daniya o‘ta yuqori tezlikda rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Chunki Buyuk Britaniya 2016-yilda 0,92 ko‘rsatkich bilan 1-o‘rinda edi, 2020-yilda indeksi 0,94 gacha o‘sganiga qaramay, Qo‘shma Qirollik BMT reytingida 7-o‘ringa tushib ketdi. Indeks o‘sishiga qaramay, Avstraliya va Singapurdagi pasayishlar yoki Yangi Zelandiyaning bir joyda «qotib qolishi»ga ham sabab shu.

Umuman olganda, reytingda yildan-yilga indekslar o‘sishi kuzatilmoqda: 0,92 ko‘rsatkich 2016-yilda 1-o‘rin uchun yetarli bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilda top-10 ga kirish uchun yetgan, xolos. Yildan-yilga shunday davom etadi. Mamlakatlar faqatgina yuqori rivojlanish hisobiga reytingda yuqorilashga umid qilishlari mumkin.

Shuning uchun ham katta o‘nlikda Estoniyaning borligi tasodif emas, zero, Boltiqbo‘yi mamlakati elektron hukumatni jiddiy rivojlantirishni boshlaganidan beri ancha yo‘l bosib qo‘ydi. Estoniya elektron hukumati xalqaro reytingda 2016-yili — 13-o‘rinda, 2018-yili — 16-o‘rinda edi. 2020-yilgi katta sakrash kichik mamlakatni bir yo‘la yetakchi o‘nlikning eng yuqori pog‘onalaridan biriga olib chiqdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring