Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘lchi Ro‘ziyev — Yulduz Usmonovaga qarshi: sud yana shoir foydasiga hal bo‘ldi

Yo‘lchi Ro‘ziyev — Yulduz Usmonovaga qarshi: sud yana shoir foydasiga hal bo‘ldi

Shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev va xonanda Yulduz Usmonova o‘rtasida davom etayotgan sud ishi yana shoir foydasiga hal bo‘ldi. Toshkent shahar sudlari rasmiy telegram-kanalida xabar berilishicha, bugun, 18-yanvar kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyasiya shikoyatini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni tugadi.

«Sudning ajrimiga ko‘ra, da’vogar Y.Ro‘ziyevning javobgar Y.Usmanovaga nisbatan mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqlari buzilganligi uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasi yuzasidan chiqarilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2021-yil 29-oktyabrdagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Apellyasiya tartibida ko‘rilgan hal qiluv qarori hamda apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi ustidan Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyasiya instansiyasi sudining ajrimi qabul qilingan kundan e’tiboran bir yil ichida kassatsiya shikoyati (protest) berilishi mumkin», deyiladi xabarda.

Shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev va Yulduz Usmonova o‘rtasidagi sud ishi davom etayotgani haqida xabar bergandik.

Mirzo Ulug‘bek tumanlararo fuqarolik sudi Yulduz Usmonovadan shoir foydasiga «Xasta bo‘lma» nomli she’ridan mualliflik huquqini buzib foydalangani uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqida qaror chiqargandi.

29-oktyabr kuni qabul qilingan hal qiluv qarori bilan da’vo ariza qisman qanoatlantirilib, Y.Usmonovadan da’vogar Y.Ro‘ziyevga 50 000 000 so‘m ma’naviy zarar uchun kompensatsiya, bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobari miqdorida yetkazilgan zarar hisobiga tovon puli undirish belgilangan edi.

Shundan so‘ng Yulduz Usmonova Toshkent shahar sudiga apellyasiya shikoyati kiritgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring