Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir guruh faoliyatiga chek qo‘yildi — DXX

Yana bir guruh faoliyatiga chek qo‘yildi — DXX

Foto: Videolavhadan skrinshot

DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB tomonidan Chinoz tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimining mahalliy yoshlardan iborat yashirin guruhi faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, 2020 yilda guruh a’zolarining 3 nafari ijtimoiy tarmoqlar orqali diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qoladi va ularning radikal g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

So‘ngra ular o‘z tarafdorlari sonini oshirish maqsadida do‘stlari va mahalladoshlari orasida targ‘ibot ishlari olib borishadi. Natijada 10 kishidan iborat noqonuniy guruh shakllanadi.

Muntazam o‘tkazilgan yig‘inlar vaqtida ular internet tarmog‘i orqali yuklab olingan diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlar g‘oyaviy rahnamolarining, jumladan, «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy», «Rashod qori»larning «hijrat» va «jihod» qilish to‘g‘risidagi audio-video ma’ruzalari hamda da’vatlarini tinglab, o‘zaro muhokama qilishgan.

Shuningdek, guruh a’zolarining 5 nafari yaqin vaqt ichida Qozog‘iston va Turkiya orqali Suriya davlatiga borishni hamda jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan.

Ta’kidlash lozimki, 1993-2002 yillar oralig‘ida tug‘ilgan ushbu fuqarolar orasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibidagi korxona ishchisi, Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan ishlab chiqarish korxonalaridan birining 3 nafar ishchisi va Mirobod tumani bozorida savdo qiluvchi shaxs ham bor.

Guruh a’zolarining mobil telefon apparatlarida respublikamiz qonunchiligida taqiqlangan audio-video ko‘rinishidagi diniy materiallar borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring