Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xorijga chiqib ketgan Amanbay Sagidullayev va Niyetbay Urazbayevga sud hukmi o‘qildi

Xorijga chiqib ketgan Amanbay Sagidullayev va Niyetbay Urazbayevga sud hukmi o‘qildi

Bugun, 2023 yil 10 may kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan sudlanuvchilar Amanbay Sagidullayev (1967 yilda tug‘ilgan) va Niyetbay Urazbayev (1969 yilda tug‘ilgan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi S. Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki) ga asoslanib, sudlanuvchilar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo‘lganligi va ularni sudga keltirish imkoni yo‘qligi bois ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi A. Sagidullayev va N. Urazbayevning ishtirokisiz o‘tkazildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

A. Sagidullayev Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi, 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi, 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «a», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi;

N. Urazbayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi «a», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.

Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi 3-qismi «a» bandi (ushbu xarakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli) chiqarildi.

Bundan tashqari, sud hukmi bilan Internet tarmog‘idagi A. Sagidullayevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilandi.

Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring