Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda bir oilani vahshiylarcha o‘ldirgan qotilga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Andijonda bir oilani vahshiylarcha o‘ldirgan qotilga umrbod qamoq jazosi tayinlandi

Foto: «vremya-bir.ru»

2017-yil dekabr oyining oxirlari, aniqrog‘i, Yangi yil bayrami arafasida Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani «Xidirsha» mahalla fuqarolar yig‘inida sodir etilgan dahshatli jinoyat haqida eshitgan borki, barcha larzaga tushdi. Buloqboshilik 27 yoshli Azizbek Abduqayumov ikki ayol, yetti yoshli qizcha va olti oylik go‘dakni o‘ldirib, yoqib yuborgan edi...

«O‘zA» muxbiri voqea tafsilotlariga batafsil to‘xtaldi.

Azizbek mahallada o‘z o‘rniga ega oilada tarbiya topdi, uylandi, ikki farzandning otasi bo‘ldi. Farzandlarining kattasi besh, kichigi uch yoshda. U o‘qimadi, biror kasb-hunarning boshini tutmadi. O‘ziga tegishli «Damas» avtomashinasida kirakashlik qilib, tirikchilik o‘tkazardi.

Ikki yilcha avval, 1989 yilda tug‘ilgan, Xo‘jaobod tumanidagi Xidirsha mahallasida yashovchi turmushidan ajragan, bir nafar qizi bo‘lgan Feruza ismli ayol bilan tanishib qoladi. Ularning munosabati kundan-kun yaqinlashib boradi. Feruzaning ota-onasi ham ajrashib ketgan, otasi boshqa ro‘zg‘or qilgan, onasi esa bir necha yildan buyon Rossiyada ishlab yurardi. Feruza qizi Gulchiroy bilan birga yashardi. Undan otasi bilan yashayotgan akasi, buvisi bilan yashaydigan singlisi tez-tez xabar olib turishardi. Endi Azizbek ham bu xonadonga serqatnov bo‘lib qoladi. Oilasi, gulday ikki farzandi bo‘la turib, Feruza bilan shar’iy nikohdan o‘tib, birga yashay boshladi. Ming afsuski, ularning xufiyona munosabatlaridan na Feruzaning ota-onasi, na Azizbekning oilasidagilar xabar topmadi, mahalla-ko‘y, qo‘ni-qo‘shni esa u qadar e’tibor bermadi.

2017-yilning iyul oyida ular farzandli bo‘ladi. Vaqt o‘tib, o‘rtalaridagi munosabatlar sovuqlasha boshladi, arzimas narsa uchun ham tez-tez janjal chiqadigan bo‘lib qoldi. Ahvol shu darajaga borib yetdiki, Feruza «mendan xabar olmayapsan, javobimni ber, sen bilan yashashni xohlamayman», degan qat’iy talab qo‘ydi.

Hamma Yangi yil bayramini kutib olishga taraddud ko‘rayotgan 30 dekabr kuni Azizbek tushdan keyin Feruzaning uyiga keladi. Uyda kim borligini, bolalar nima qilayotganini so‘raydi. Singlisi Nargiza kelgani, yuvinayotgani, qizi Gulchiroy uyda o‘ynayotgani, o‘g‘li Ikromjon esa beshikda uxlayotganini aytadi. Ularning o‘rtasida yana janjal boshlanadi. Feruza «Javobimni ber», deydi qat’iy ovozda. Turmush o‘rtog‘ini shaxsiyatga tegadigan so‘zlar bilan «siylaydi». Asablari dosh berolmagan Azizbek shar’iy nikohdagi xotinini «taloq» qiladi. Beshikda uxlayotgan farzandining oldiga kirmoqchi bo‘lganida xotini yo‘lini to‘sib, «yo‘qol, bolani ko‘rishga haqqing yo‘q, bola sendan emas», deya yana janjal ko‘taradi. «Qo‘lingdan kelsa, so‘yib tashla» deb uning yoqasidan oladi. Jahl otiga mingan Azizbek zinada turgan xo‘jalik pichog‘ini olib, Feruzaning bo‘yniga tortib yuboradi. Yiqilgan xotinini o‘ldi, deb o‘ylab ketish uchun darvoza tomon yurganida Feruzaning hali oila qurmagan 22 yoshli singlisi opasining ahvolini ko‘rib, qichqirib yuboradi. O‘zini tuta olmagan Azizbek pichoqni olib qaynsinglisini ham o‘ldiradi. Hali joni uzilmagan, lekin qonga belangan Feruza o‘rnidan turib, ko‘cha tomon yugurayotganida uni to‘xtatib, bir necha joyiga pichoq sanchadi.

Inson bu qadar razillikka borishi mumkinmi? Baqir-chaqirlardan qo‘rqib ichkari uyda o‘ynab o‘tirgan yetti yoshli Gulchiroy chiqib onasi va xolasining qonga belanib yotgan jasadi ustida dod soladi. Azizbek esa unga «qizim, qo‘rqma» deya ichkariga olib kirib, guvoh sifatida uni ham o‘ldiradi.

Hamma murdani bitta xonaga olib kirib bo‘lgan Azizbek beshikda chinqirib yig‘layotgan o‘g‘li Ikromjonning ovozini eshitadi. Avvaliga beshikni tebratib, bolani uxlatmoqchi bo‘ladi. Lekin, ha deganda chaqaloq yig‘idan to‘xtamaydi. Shunda xotinining «bola sendan emas», degan gapi uni dahshatga soladi va endi mahluq qiyofasiga kirgan bu inson olti oylik norasida go‘dakni ham o‘ldiradi.

Vahshiy qotil kichkina xonadagi murdalar ustiga pechkaga ulangan shlangni, so‘ngra sigaret qoldig‘ini tashlab, eshikni yopib tashqariga chiqadi. Qimmat narxdagi telefon apparati, tilla buyum va taqinchoqlarni olib, devor oshgancha voqea joyidan ketadi.

Yangi yil kuni jiyanlariga sovg‘a olib kelgan Feruzaning tog‘asi uy qulflanganidan, jiyanlari qo‘ng‘iroqlarga javob bermayotganidan hayron bo‘ladi, biron joyga mehmonga ketishgandir, degan o‘y bilan qaytib ketadi.

Har qanday kishini dahshatga soluvchi bunday qotillikni sodir etgan Azizbek esa qo‘shni Qozog‘istonga qochib o‘tgan va u yerdan Turkiyaga ketish uchun samolyotga chipta olgan edi.

...Opasi va singlisining bir necha kundan buyon qo‘ng‘iroqlarga javob bermayotganidan xavotir olgan Feruzaning ukasi uning uyiga kelib, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla raisi, ichki ishlar profilaktika inspektoriga uchrashadi. Uy yonida yig‘ilganlar ko‘chaga o‘rnatilgan gaz hisoblagich ishlayotganidan shubhalanib, darvozani buzib ichkariga kiradilar. U yerdagi dahshatli holatni esa hech kim so‘z bilan ta’riflab berolmas edi.

Shuncha ishlar bo‘lib o‘tsayu, nahotki qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘y bilmasa? Nahotki odamlar bir-biriga shu qadar beparvo, e’tiborsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa?

...Turkiyaga ketmoqchi bo‘lgan Azizbekning vijdoni qiynaldimi, qilgan qotilliklarini o‘ylab pushaymon bo‘ldimi, har tugul Qozog‘istonda ichki ishlar xodimlariga uchrab, qilmishlari haqida so‘zlab berdi. U zudlik bilan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari vakillariga topshirildi.

Sudda Azizbek o‘sha paytda g‘azabdan nima qilayotganini anglamagani, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi. Lekin bu pushaymonlik uvol ketgan to‘rt inson hayotini qaytara olardimi? Yo‘q, albatta. Ko‘ngil mayliga berilib, noto‘g‘ri yo‘lga kirgan bu yigit hayotini sarobga aylantirdi. Oilasi bo‘la turib, qing‘ir yo‘lni tanladi. Oqibati esa mana, hammamizga ayon. Ne-ne umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onasi, yaqinlarining yuzini yerga qaratdi, hali hayot nima ekanini anglab yetmagan farzandlarini tirik yetim qoldirdi.

Sudya A.To‘rayev raisligida o‘tgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi hukmi bilan Azizbek Abduqayumovga umrbod qamoq jazosi tayinlandi. Qotil qilmishiga yarasha jazosini oldi. Lekin uni vijdon azobi bir umr ta’qib etishi tayin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring